Apple mijozlarga ogohlantiriş bilan çiqdi
Apple xotira çiplari va tezkor xotira narxining keskin kötarilişini qoplaş uçun öz mahsulotlari narxini oşiradi. Bu haqda kompaniya boş ijroçi direktori Tim Kuk “The Wall Street Journal” (WSJ) gazetasiga bergan intervyusida malum qildi.
“Afsuski, narxlarning oşişi muqarrar. Biz zimmamizga tuşgan ulkan xarajatlar ösişini yumşatiş uçun qölimizdan kelgan barça işni qilyapmiz va mijozlarimizni uşbu narx ösişidan himoya qilişga harakat qilyapmiz, biroq vaziyat barqarorlikni yöqotdi”, deydi u.
Şu bilan birga, kompaniya rahbari bölajak narx oşişi aynan qaysi mahsulotlarga tegişli bölişi va uni qaçon kutiş kerakligiga aniqlik kiritmagan.
Kukning aytişiça, xotira va malumotlarni saqlaş qurilmalari, xususan, suniy intellekt (SI) serverlari uçun ham işlatiladigan DRAM (dinamik tezkor xotira) narxlari kompaniya uçun muammoga aylanmoqda.
“Istemolçilar qurilmalarni xohlayotgan bir paytda taklif kamayib bormoqda, xotira işlab çiqaruvçilari esa baland narxlarni istemolçilar zimmasiga yuklamoqda. Istemol mollari uçun xotira narxlari va taklifi oqilona darajaga qaytişi bizga juda zarur. Eng asosiysi şu”, deydi Apple rahbari.
Malumot uçun, joriy yilning 8 iyun kuni kompaniya özining yangilangan, sezilarli darajada aqlliroq va qayta işlangan Siri SI-assistentiga ega bölgan yangi iOS 27 operatsion tizimini taqdim etdi. iOS 27 yangilanişi 11-seriyadan boşlab iPhone egalari, şuningdek, Apple’ning boşqa qurilmalari foydalanuvçilari uçun oçiq böladi. Bunda yangi Siri AI yordamçisi iPhone 16 va undan yangiroq modellarda, iPhone 15 Pro, A17 Pro çipli iPad mini, M1 va undan yangiroq çipli iPad, M1 va undan yangiroq çipli Mac, Apple Vision Pro, şuningdek, mos keladigan iPhone’ga ulanganda Apple Watç Series 10 va undan yangiroq modellarda işlaydi.
Öşa kuni Apple’ning dasturiy taminotni işlab çiqiş böyiça katta vitse-prezidenti Kreyg Federigi bazi kompaniyalar uşbu texnologiyalardan foydalanadigan odamlarga etibor qaratmasdan, SI sohasida “progress ortidan quvişayotganini” aytdi.
Eslatib ötamiz, avvalroq 2026 yil 1 sentyabrdan Apple kompaniyasining yangi boş direktori etib Jon Ternus tayinlanişi haqida xabar berilgan edi.