Aeroportlar va vokzallarda bepul xizmatlar joriy etilishi mumkin
O'zbekiston aeroportlari va vokzallarida yo'lovchilar uchun bepul xizmatlar joriy etilishi mumkin. O'zbekistondagi xalqaro aeroportlar, yirik temiryo'l vokzallari va avtovokzallarda yo'lovchilar uchun bir qator qo'shimcha bepul xizmatlarni yo'lga qo'yish taklif etilmoqda. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo'yilgan “Temir yo'l, havo va avtomobil transportida mahalliy yo'lovchi tashuvlarini o'zaro uyg'unlikda kompleks rivojlantirish bo'yicha 2030 yilgacha mo'ljallangan strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi qaror loyihasida nazarda tutilgan.
Hujjatda 2027 yil 1 iyuldan boshlab chipta egalariga bagajni jo'nab ketishdan oldin va manzilga yetib kelganidan keyin 24 soatgacha bepul saqlash imkoniyatini yaratish belgilangan. Ushbu xizmat transport obektlarida bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Loyihada yo'lovchilar uchun bepul internetdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish ham ko'zda tutilgan. Xususan, ularga kamida bir soat davomida Wi-Fi tarmog'iga bepul ulanish imkoniyati berilishi taklif qilinmoqda. Taksi buyurtma qilish jarayonini ham soddalashtirish rejalashtirilgan.
Buning uchun aeroport va vokzallarga maxsus elektron terminallar o'rnatilishi mumkin. Yo'lovchilar ushbu qurilmalar orqali manzilni ko'rsatib, safar narxini oldindan bilishi va rasmiy taksiga buyurtma berishi mumkin bo'ladi.
Terminallardan foydalanishda SIM-karta yoki mobil internet kerak bo'lmaydi. Taksi buyurtmasi rasmiylashtirilgandan keyin yo'lovchiga QR-kod tushirilgan chek beriladi. Chora-tadbirlar dasturida yirik transport obektlarida Wi-Fi tarmog'ining sifati va barqarorligi hozircha yetarli emasligi qayd etilgan. Shuningdek, elektron terminallar orqali rasmiy taksi buyurtma qilish va bu jarayonda QR-kodli chek berish tizimi hali joriy etilmagan. Chipta egalari uchun bagajni bepul saqlash xizmati ham yagona tartibda tashkil qilinmagan.
Ushbu chora-tadbirlar yo'lovchilarga ko'rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash va ular uchun qo'shimcha qulayliklar yaratishni ko'zda tutadi.