“Turkiy dunyo kelajagini yoşlar quradi”. Qamariddin Şayxov Turkiy muloqot forumida nutq qildi
Turkiy dunyo yoşlarining dunyo bilan faol muloqotda bölgan holda, öz şaxsiyati va madaniyatini taniydigan, köhna ötmişidan kuç oladigan, zamonaviy fan va texnologiyalarni yaratib, ularni rivojlantiradigan insonlar bölib voyaga yetişi juda muhim. Çunki ular turkiy dunyo kelajagini qurişda asosiy kuç. Bu haqda bugun, 31 oktyabr kuni QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Şayxov Turkiyaning Anqara şahrida bölib ötgan Turkiy davlatlar taşkilotining 13-sammiti doirasidagi Turkiy muloqot forumida söz oçdi.
Anqarada uşbu forumda qatnaşiş uçun Turkiy davlatlar taşkilotiga azo va kuzatuvçi mamlakatlardan akademiklar, professorlar, fikr yetakçilari va media sohasi vakillari töplandi. Xususan, Özbekistondan QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Şayxov, Özbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Şerzodxon Qudratxöja, Yunus Rajabiy nomidagi Özbek milliy musiqa sanati instituti rektori vazifasini bajaruvçi Eldor Şermanov va boşalar iştirok etdi.
Forum doirasida Qamariddin Şayxov sözga çiqdi va öz nutqida turkiy dunyo kelajagini qurişda yoşlarning ahamiyatini qayd etdi. Şuningdek, boşqa qator masalalar yuzasidan öz fikrlarini bildirdi.
“Biz bu yerda Samarqand, Buxoro, Istanbul, Konya, Turkiston, Qoraboğ, Şemaha, Öş, Çölpon-Ota, Marv va Qoşğarning ovozimiz. Bu zaminlarda ming yillardan beri yaşab kelayotgan xalqlar tarixi, madaniy xotirasi va kelajakka bölgan umidlarini ifoda etamiz.
Hozir nomini tilga olgan uşbu tarixiy markazlar turk dunyosining ming yillik köhna ötmişining, u barpo etgan buyuk davlat va imperiyalarning, Şarq va Ğarbni bir-biriga boğlovçi Ipak yöli böylab rivojlangan boy tsivilizatsiya merosining jonli guvohlaridir. Bu muştarak meros ötmişdan bizga qolgan boylik böliş bilan birga, bir-birimizni yaqinroq tuşunişimiz va umumiy kelajagimizni birgalikda qurişimiz uçun ham kuçli poydevordir”, deydi Qamariddin Şayxov öz nuqti avvalida.
Şuningdek, u uşbu forumning taşkil etilişiga boş-qoş bölgan Turkiya Respublikasi Prezidentligining Kommunikatsiyalar boşqarmasi boşliği Burhoniddin Duranga minnatdorlik bildirdi va Turkiya Respublikasi taşkil topganining 103 yilligi munosabati bilan turk xalqini muborakbod etdi.
Bundan taşqari, Qamariddin Şayxov tarix davomida turkiy xalqlarning bir-biridan uzoqlaşgani, birgalikda harakat qilinmagan davrlarda qançadan qança imkoniyatlar boy berilganini qayd etdi hamda hozirgi şaroitda xalqlar birlaşayotgani bir asr oldin orzu bölganini bildirdi. Uning aytişiça, bugungi voqealik – bu salohiyatning muştarak iroda va hamjihatlik bilan harakatga kelişi, buyuk tsivilizatsiya merosining kelajakka yönaliş beriş qatiyatidir.
Şu bilan birga, QALAMPIR.UZ rahbari hozirgi davrda turkiy xalqlar bir-birining qölini mahkamroq tutişi va inson qadrini himoya qiluvçi umumiy ovozni har qaçongidan-da baland kötariş har doimgidan ham muhimroq ekanini aytdi.
Şuningdek, u 2020 yilda Qoraboğ masalasida namoyon etilgan birdamlik turk dunyosining kuçini yana bir bor körsatganini, Örta koridor strategik muqobil sifatida bugungi kunda alohida ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi. Energetika xavfsizligi va manbalar xilma-xilligi har qaçongidan ham muhim bir davrda turk dunyosi uglevodorod zaxiralari bilan birgalikda quyoş va şamol energetikasi salohiyati bilan ham ajralib turişi urğulandi.
Şuningdek, Qamariddin Şayxov öz nutqida asosiy mavzu – turkiy dunyo kelajagini qurişda yoşlarning ahamiyati yuzasidan öz taklif va fikrlarini bayon etdi.
“Global özgarişlarni faqat sanoat işlab çiqarişi yoki transport tarmoqlari orqaligina ölçab bölmaydi. Axborot jadal tarqalayotgan, jamoatçilik fikri turli hikoyalar va yondaşuvlar asosida şakllanayotgan bugungi dunyoda öz ovozini eşittira oladigan jamiyatlar xalqaro kun tartibini şakllantirişda ham söz sohibiga aylanadi. Şu boisdan ham turk dunyosining umumiy tajribasi, qadriyatlari va kelajakka qaratilgan nigohini dunyoga öz tili bilan yetkaza olişi öta muhim ahamiyatga ega”, deydi QALAMPIR.UZ rahbari.
Uning aytişiça, muştarak media platformalar va raqamli kontent tarmoqlarini kuçaytiriş, yoş kontent yaratuvçilar örtasidagi hamkorlikni rivojlantiriş zarur. Yoşlarni faqatgina kontent istemol qiluvçi omma sifatida emas fikrlaydigan, savol beradigan va yaratadigan, umumiy kelajakni şakllantirişga hissa qöşadigan şaxslar sifatida qöllab-quvvatlaş kerak.
“Yoşlarimizning dunyo bilan faol muloqotda bölgan holda, öz şaxsiyati va madaniyatini taniydigan, köhna ötmişidan kuç oladigan, zamonaviy fan va texnologiyalarni yaratib, ularni rivojlantiradigan insonlar bölib voyaga yetişi juda muhim. Tariximizdan faxrlaniş bilan birga, kelajak avlodlar ham faxr bilan eslaydigan ilmiy, madaniy va ijtimoiy yutuqlarni birgalikda yaratişimiz şart. Endilikda umumiy kelajagimizga yönaliş beradigan yangi tarix yoziş vaqti keldi”, deydi Qamariddin Şayxov.
Uning bildirişiça, bugun turk dunyosini taşkil etuvçi davlatlar öz suvereniteti va siyosiy mustaqilligini qatiyat bilan himoya qilişlari ğoyat muhim. Mintaqaviy va global kuçlar raqobati munosabatlarga putur yetkazişiga, oradagi işonçni yemirişiga va turkiylarni bir-biridan uzoqlaştirişiga yöl qöyilmaydi.
“Xalqaro voqealar şiddat bilan özgarib borayotgan bir davrda umumiy kelajagimizni boşqalarning manfaatlari va ustuvorliklariga qarab şakllantira olmaymiz. Global muvozanatlarni şakllantirişda söz sohibi bölişni istasak, öz ustuvorliklarimizni özimiz belgilaşimiz, muştarak manfaatlarimiz yölida harakat qilişimiz va hamkorligimizni barqaror institutlar orqali mustahkamlaşimiz lozim. Oçiğini aytganda, bundan keyin biz bir hovuç davlatlarning bizning ustimizdan qabul qiladigan qarorlarining öyinçoği böla olmaymiz, bunga heç qaçon rozi bölmaymiz”, deydi QALAMPIR.UZ rahbari.
Şuningdek, u öz nutqi yakunida tarix turkiy xalqlarga umumiy kelajakni birgalikda quriş uçun ulkan imkoniyat taqdim etayotganini urğuladi.
“Bugun Anqaradan jaranglayotgan ovozimiz – tinçlik, hamjihatlik, taraqqiyot va adolat ovozidir. Keling, bu ovozni muştarak irodamiz va aniq qadamlarimiz bilan yanada kuçaytiraylik. Turk dunyosining ovozi xalqlarimizning umidlarini taşib keluvçi, insoniyatning umumiy kelajagiga hissa qöşuvçi qudratli ovoz sifatida butun dunyoda aks-sado bersin!” deydi u.