Rossiya Odessaga zarba berdi. Qurbonlar bor
Rossiya keça, 17 iyul kuni Ukrainaning Qora dengiz böyidagi ikki port şahriga hujum uyuştirdi. Oqibatida kamida 3 kişi halok böldi. Bu haqda Ukraina rasmiylari xabar berdi.
Qayd etilişiça, Mikolayiv şahri port infratuzilmasiga dronlar orqali qilingan hujum oqibatida xorij bayroği ostida qatnovçi uçta fuqarolik kemasiga zarar yetgan. Dastlabki hujumlardan birida çet el kemasi bortida bölgan ikki nafar ukrainalik halok bölgan.
Ukrainaning eng yirik dengiz porti joylaşgan Odessa şahridagi yana bir hujum oqibatida esa bir kişi halok bölgan. Odessa viloyati gubernatori Oleg Kiperning malum qilişiça, keyinroq Rossiya hujumi Marşall orollari bayroği ostida yuruvçi kemaga ham zarba bergan. Hodisa oqibatida kema şikastlangan, yonğin çiqqan va ekipajning 17 azosidan tört nafari jarohat olgan. Barça ekipaj azolari evakuatsiya qilingan.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa öz kuçlari Odessa va Çernomorsk portlaridagi Ukraina obektlariga zarba berganini malum qilgan.
Ukraina dengiz portlari mamuriyatining bildirişiça, Rossiya iyul oyi davomida Ukraina portlari va fuqarolik kemalariga bir neça marta hujum qilib, 11 kişining, jumladan, port xodimlari va xorijlik dengizçilarning halok bölişiga sabab bölgan.
Treyderlar va tahlilçilarga köra, sönggi hujumlar don eksportiga jiddiy tasir körsatgan. Don yuklamalari qisman töxtagan, port terminallarida esa don xaridlari deyarli butunlay töxtab qolgan. 16 iyul kuni keçqurun Odessada turarjoy binosiga berilgan raketa zarbasi oqibatida ham ikki kişi halok bölib, bir neça kişi jarohatlangan.
“Bunday holat heç qaçon bölmagandi. Havo hujumi xavfi haqidagi ogohlantirişlar juda köp. Deyarli biri tugaşi bilan yana biri boşlanyapti”, degan Odessa şahrida yaşovçi Viktoriya ismli ayol.
Şu bilan birga, Ukraina ham Rossiyaning harbiy logistikasiga qarşi zarbalarni davom ettirmoqda. Ukraina Uçuvçisiz tizimlar kuçlari qömondoni Robert Brovdining aytişiça, keça, 17 iyul kuni Qora dengizda yana 12 ta Rossiya kemasiga zarba berilgan. Uning malum qilişiça, iyul oyi davomida Azov va Qora dengizlarda zarba berilgan Rossiya kemalari soni 159 taga yetgan.
Eslatib ötamiz, avvalroq Ukraina dronlari Rossiyaning Tambov va Moskva viloyatlaridagi logistika markazlariga hujum qilişi oqibatda kamida 7 kişi halok bölgan, önlab odamlar jarohatlangan edi.