Özbekistonda OAV majburan yangi alifboga ötkazilişi mumkin
Özbekistonda özbek alifbosini takomillaştiriş haqidagi qonun kuçga kirgaç, ommaviy axborot vositalari va rasmiy iş yuritişni yagona yangilangan alifboga ötkaziş rejalaştirilmoqda. Bu haqda bugun, 10 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantiriş departamenti rahbari Nodirjon Xolbötayev malum qildi.
Mazkur masalaga Senat majlisida senator Husan Ermatov ham etibor qaratdi. Uning aytişiça, Özbekistonda hozirça kirill va amaldagi lotin yozuvidan bir paytning özida foydalanilmoqda. Senatorning sözlariga köra, yangi alifboga ötişda aniq muddatlar belgilanmasa, mamlakatda uç xil alifbodan foydalaniş holati yuzaga kelişi mumkin.
“Xohlaymizmi-yöqmi, gazetalar haligaça kirill alifbosida çiqmoqda. Lotin alifbosiga hali töliq öta olmadik. Lotin alifbosini tanlagan bölsak-da, unga ötişga qatiyatimiz yetişmagani ham bunga sabab böldi”, deydi Husan Ermatov.
Ermatovning qayd etişiça, yangi alifboga ötiş jarayonida pasport va boşqa hujjatlar, manzil belgilaridan taşqari, ommaviy axborot vositalari uçun ham aniq muddat belgilanişi kerak. Uning fikriça, OAV yangi tizimga ötişga oldindan tayyorlanişi lozim.
“Agar bu yerda ham yetarliça qatiyat bölmasa, mening nazarimda, voqelikda bizda bir vaqtning özida uçta alifbo işlatilişi mumkin”, dedi senator.
Şuningdek, u yangi alifboda “Ö”, “Ğ”, “Ş” va “Ç” harflarining şakli özgarayotganiga etibor qaratib, ularni davlat axborot tizimlari, elektron hukumat platformalari, elektron hujjat aylanişi va malumotlar bazalarida qöllaş uçun texnik işlar qanday ketayotganini söragan.
Davlat tilini rivojlantiriş departamenti rahbari Nodirjon Xolbutayev esa yangi alifboga ötiş uçun zarur texnik işlar boşlanganini malum qilgan. Jumladan, yangi harflarni qöllaş imkonini beruvçi klaviaturalar hamda matnlarni bir alifbodan boşqasiga ögiruvçi dasturlarni amaliyotga joriy etiş işlari boşlangan.
“Mana şu klaviaturalar yoki öşa matnlarni ögiruvçi dasturlarni amaliyotga joriy qiliş boşlandi”, deydi Nodirjon Xolbötayev.
Departament rahbari Özbekiston uzoq vaqt davomida ikki alifbo örtasida qolib ketganini ham tan olgan. Uning aytişiça, yangi alifbo haqidagi qonunning qabul qilinişi bu masalaga yakuniy nuqta qöyiş uçun imkon beradi.
“Haqiqatan ham biz ikki alifbo orasida juda köp, töğrisi, adaşuvda yurdik. Aynan bugun hurmatli Prezidentimizning taşabbusi, irodasi bilan şu ikki alifbolikka biz çek qöyiş arafasida turibmiz”, deydi u.
Xolbötayevning takidlaşiça, yangi qonun kuçga kirgaç, alifbodan foydalaniş masalasi qatiy kun tartibiga qöyiladi. Bunda, avvalo, ommaviy axborot vositalarini yagona standartlaştirilgan va tasdiqlangan alifboga ötkaziş közda tutilmoqda.
“Öşa qonun kuçga kirgandan keyin barça ommaviy axborot vositalari yagona standartga aylangan, tasdiqlangan, takomillaştirilgan alifboda iş yuritişini qatiy qilib qöyişni rejalaştiryapmiz”, deydi departament rahbari.
Uning sözlariga köra, xuddi şunday talab davlat idoralari va boşqa rasmiy iş yuritiş jarayonlariga ham tatbiq etiladi. Yani rasmiy hujjatlar va davlat taşkilotlarining iş yuritişida yagona yangilangan alifbodan foydalaniş belgilanişi kutilmoqda.
Biroq bu talab fuqarolarning şaxsiy yozişmalariga taalluqli bölmaydi. Fuqarolar özaro yozişmalarda özlari örgangan alifbodan foydalanişi mumkin.
“Albatta, fuqarolar özlarining erkin yozişmalarida özlari örgangan alifbolardan foydalanişi mumkin. Lekin rasmiy iş yuritiş va rasmiy ommaviy axborot vositalarida töliq bu jarayonga ötişni kun tartibiga qöyamiz”, dedi u.
Departament rahbari yangi alifboga ötiş uçun texnologik şaroitlar yaratiş, mutaxassislarni öqitiş va ularning malakasini oşiriş, şuningdek, tegişli qöllanmalarni tayyorlaş böyiça işlar ham olib borilişini aytdi.
Uning qayd etişiça, bu boradagi zarur çoralar Vazirlar Mahkamasining hozir işlab çiqilayotgan çora-tadbirlar dasturida aks ettiriladi.
“Aholiga, mutaxassislarga qulay nima zarurat bölsa, yuqorida takidlangan Vazirlar Mahkamasining hozir işlab çiqilayotgan çora-tadbirlar dasturida köramiz”, dedi Nodirjon Xolbötayev.
Hozirça OAVning yangi alifboga ötişi uçun aniq sana belgilanmagan. Mazkur muddat va ötiş tartibi Vazirlar Mahkamasining tegişli çora-tadbirlar dasturi doirasida belgilanişi kutilmoqda.
Eslatib ötamiz, avvalroq Senatning 19-yalpi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini joriy etiş töğrisida”gi Özbekiston Respublikasi Qonuniga özgartiriş kiritiş haqida”gi qonun senatorlar tomonidan maqullangani haqida xabar berilgan edi.