Soliqlar va ijtimoiy badallar birlaştirilişi mumkin
Qozoğiston Majlisi deputati Berik Beysengaliyev iş beruvçilarning asosiy soliqlari va ijtimoiy badallarini yagona tölovga birlaştirişni taklif qildi. Uşbu yangilikni umumiy belgilangan soliq rejimida faoliyat yuritadigan kiçik va örta biznes subektlari uçun joriy etiş közda tutilmoqda. Bu haqda “Tengrinews.kz” xabar berdi.
Naşrning yozişiça, hozirgi vaqtda iş haqi tölanayotganda iş beruvçi ijtimoiy soliq, ijtimoiy badallar, majburiy ijtimoiy tibbiy suğurta badallari va iş beruvçining majburiy pensiya badallarini alohida-alohida hisoblaşi hamda ötkazişi şart.
Bundan taşqari, xodimning daromadidan jismoniy şaxslardan olinadigan daromad soliği, majburiy pensiya badallari va tibbiy suğurta badallari uşlab qolinadi. Natijada buxgalterlar har oyda har bir xodim uçun 7-8 tagaça soliq va ijtimoiy tölovlarni hisoblaşlariga töğri kelmoqda. Bunda ularning har biri uçun alohida hisoblaş bazalari, çeklovlar va hisob-kitob qoidalari közda tutilgan.
“Tadbirkor qançalik köp xodimni işga yollasa, hisob-kitob tizimi şunçalik murakkablaşadi va umumiy yuklama ortib boradi. Kiçik korxona buxgalteri öz vaqtini rivojlanişga emas, balki aynan bir xil iş haqidan olinadigan sakkiz xil tölovni ijro qilişga sarflamoqda”, deydi Berik Beysengaliyev.
Milliy iqtisodiyot vazirligiga yuborilgan deputatlik sörovida keltirilgan malumotlariga köra, mehnatga haq tölaş fondiga tuşadigan umumiy yuklama 39,5 foizga yetgan va yaqin yillarda 41 foizdan oşib ketişi mumkin.
Beysengaliyevning fikriça, murakkab mamuriyatçilik va ortib borayotgan yuklama biznesni rasmiylaştirilmagan bandlikka hamda iş haqining bir qismini “konvertda” tölaşga majbur qilişi mumkin.
Şu bilan birga, deputat xodimlarning iş haqidan uşlab qolinadigan jismoniy şaxslardan olinadigan daromad soliği va majburiy pensiya badallarini bekor qilişni taklif etmayapti.
Iş beruvçining yagona ijtimoiy tölovi tarkibiga quyidagilarni kiritiş taklif etilgan:
- Ijtimoiy soliq;
- Ijtimoiy badallar;
- Iş beruvçining tibbiy suğurta uçun badallari;
- Iş beruvçining majburiy pensiya badallari.
“Bir xodim – bir baza – bir hisob-kitob – bir tölov”, deya taklif qilinayotgan tizimni tavsiflagan deputat.
Tölov qabul qilingandan söng davlat pullarni byudjet, Davlat ijtimoiy suğurta jamğarmasi, Ijtimoiy tibbiy suğurta jamğarmasi va Yagona jamğarib boriladigan pensiya jamğarmasi örtasida mustaqil ravişda taqsimlaşi lozim böladi.
Beysengaliyevning hisoblaşiça, bu hisob-kitoblar va hisobotlar hajmini qisqartiriş, kompaniyalarning buxgalterlik xizmati uçun xarajatlarini kamaytiriş hamda xodimlarni rasmiy işga joylaştirişni soddalaştiriş imkonini beradi.
Deputat hukumatdan amaldagi yuklamaning iş örinlari yaratilişi va xufyona bandlikka tasirini baholaşni, şuningdek, umumiy belgilangan rejimdagi kiçik va örta biznes uçun yagona ijtimoiy tölovni joriy etiş masalasini körib çiqişni söragan.
Hozirça gap faqat deputatning taklifi haqida ketmoqda. Yangi tölovni joriy etiş böyiça yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Mehnatga haq tölaş fondidan yagona tölovni undiriş mexanizmi ilgari maxsus soliq rejimlaridagi kiçik va örta biznesning ayrim toifalari uçun qöllanilgan. U soliq va ijtimoiy badallarni bitta tölov bilan ötkaziş imkonini berardi, şundan söng mablağlar tegişli jamğarmalar örtasida taqsimlanar edi.
Eslatib ötamiz, avvalroq Qozoğistonda Majlis deputati Ozod Peruaşev savdo markazlarini rekonstruktsiya qiliş davrida ular uçun soliq tatillarini joriy etişni, şuningdek, savdo köçmas mulki egalariga maxsus soliq rejimini qöllaşga ruxsat berişni taklif qilgani haqida xabar berilgan edi.