Meta Avstraliyada 756 mingta 16 yoşga tölmaganlar akkauntini blokladi
Meta Avstraliyada 16 yoşga tölmagan foydalanuvçilarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanişni çeklovçi qonun kuçga kirganidan söng 756 mingdan ortiq şubhali akkauntni öçirganini malum qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Meta malumotiga köra, dekabrdan iyun oyigaça 462 mingta Instagram va 294 mingta Facebook akkaunti Avstraliyalik 16 yoşga tölmagan foydalanuvçilarga tegişli bölişi mumkinligi sababli deaktivatsiya qilingan.
Avstraliyada 16 yoşga tölmaganlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanişni taqiqlovçi qonun 10 dekabrda kuçga kirgan. Qonun qabul qilinişiga ijtimoiy tarmoqlarning bolalar va ösmirlarning jismoniy hamda ruhiy salomatligiga tasiri bilan boğliq xavotirlar sabab bölgan.
Meta mazkur qonunga avvaldan qarşi çiqqan bölsa-da, uni bajarişini malum qilgan. Ayni paytda Avstraliya internet regulyatori qonun talablariga rioya qiliş böyiça yetarli çora körmagan platformalarga nisbatan sudga murojaat qiliş imkoniyatini körib çiqmoqda.
Avstraliya hukumati qonun talablarini buzgan kompaniyalar uçun maksimal jarimani ikki barobar oşirib, 99 million Avstraliya dollarigaça yetkazişni ham taklif qilgan.
Qayd etilişiça, Meta 16 yoşga tölmagan foydalanuvçilarni aniqlaş uçun suniy intellektdan foydalanayotganini bildirgan. Kompaniya akkaunt egasining yoşiga oid malumotlarni, jumladan tuğilgan kunni nişonlaş yoki maktabdagi sinf haqidagi malumotlar kabi belgilarni tahlil qilmoqda.
Şu bilan birga, Avstraliya hukumati va bir qator mustaqil tadqiqotlar taqiqning dastlabki uç oyida 16 yoşga tölmaganlarning 80 foizdan ortiği hali ham ijtimoiy tarmoqlardan foydalanganini körsatgan.
Eslatib ötamiz, avvalroq Avstraliya internet xavfsizligi regulyatori terrorçilik tarğibotiga oid materiallarni öz vaqtida öçirmagani uçun Telegram’ga nisbatan sud jarayonini boşlagandi.