AQShga boradiganlar Ebola bo'yicha deklaratsiya to'ldirishi shart bo'ladi
AQSh sharqiy vaqti bilan 3 noyabr soat 23:59 dan boshlab, mamlakatga xorijdan uchib boruvchi barcha yo'lovchilar, jumladan, tranzit yo'lovchilar ham maxsus deklaratsiya to'ldirishi shart. Bu haqda AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) malum qildi.
Qayd etilishicha, talab Ebola virusining AQShga kirib kelish xavfini kamaytirish maqsadida joriy etilmoqda. Yangi tartibga ko'ra, yo'lovchilar parvozdan oldingi 21 kun davomida Kongo Demokratik Respublikasida bo'lmaganini tasdiqlovchi qog'oz yoki elektron deklaratsiyani to'ldirib, imzolashi kerak.
Bunda mamlakat aeroporti orqali tranzit o'tish ham, hatto yo'lovchi samolyotdan tushmagan yoki aeroportni tark etmagan bo'lsa-da, Kongo Demokratik Respublikasida bo'lganlik hisoblanadi.
18 yoshga to'lmagan yo'lovchilar nomidan deklaratsiyani ota-onasi, vasiysi yoki boshqa vakolatli shaxs imzolaydi. Hujjatni taqdim etmagan yo'lovchilarga, AQSh hukumati tomonidan istisno berilmagan bo'lsa, reysga chiqishga ruxsat berilmaydi.
Talablarni bajarish aviakompaniyalar va samolyot operatorlari zimmasiga ham yuklanadi. Ular yo'lovchilardan to'ldirilgan deklaratsiyalarni qog'oz yoki elektron shaklda qabul qilishi va saqlashi shart.
Har bir yo'lovchining deklaratsiyasi uning xorijiy davlatdan AQShga kelgan reysidan keyin kamida 42 kun davomida saqlanishi kerak. AQSh hukumati so'roviga ko'ra, aviakompaniyalar hujjatni taqdim etishi, shuningdek, yo'lovchini aniqlash uchun uning ismi, yo'lovchi malumotlari yozuvi raqami (PNR), aviakompaniya va tashuvchi kodi, reys raqami, jo'nash va yetib kelish aeroportlari, safar sanasi hamda vaqtini berishi lozim.
Eslatib o'tamiz, avvalroq Uganda Kongo Demokratik Respublikasiga safar qilgan va mamlakatga qaytgan fuqarolarni 21 kunlik karantinga joylashtirgani haqida xabar berilgan edi.