Turkiylarning hamjihatligi strategik zaruratga aylandi – Erdo'g'an
Jahon siyosati tub o'zgarishlarni boshidan kechirayotgan bir davrda turkiy davlatlarning hamjihatligi strategik zaruratga aylandi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo'g'an Turkiy davlatlar tashkilotining joriy yil 30-31 oktyabr kuni Anqarada bo'lib o'tadigan sammiti oldidan qilgan nutqida gapirdi.
“Turkiy dunyoning birligi – umumiy tariximiz orqali bizgacha yetib kelgan teran ildizli meros hamda mushtarak kelajagimizni birgalikda bunyod etishga bo'lgan qatiy irodamizning eng yorqin ifodasidir. Asrlar davomida turli mintaqalarda ne-ne sinovlarni boshidan kechirgan qardosh xalqlarimizni bir-biriga bog'lab kelgan ko'ngil ko'priklari bugun Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi siyosiy, insoniy, iqtisodiy va madaniy hamjihatligimizning mustahkam poydevorini tashkil etmoqda. Turkiy dunyoning ulkan salohiyatini umumiy maqsadlar yo'lida safarbar etish, birligimizni aniq yutuqlar bilan mustahkamlash va kelgusi avlodlarga yanada qudratli turkiy dunyoni meros qoldirish – barchamizning tarixiy masuliyatimizdir”, deydi Turkiya Prezidenti.
Erdo'g'an Anqarada “Turkiy dunyo asri: tilda, fikrda, ishda birlik” mavzusida o'tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammitini ana shu mushtarak iroda yanada mustahkamlanadigan muhim uchrashuv deb bilishini qayd etgan. Erdo'g'anning aytishicha, u sammitda “Jon Ozarbayjon”dan qabul qilib oladigan davriy raislikni turkiy dunyoning umumiy maqsadlariga erishishi va tashkilotning tuzilmaviy salohiyatini oshirish nuqtai nazaridan tarixiy masuliyat deb biladi.
“Ismoil G'aspirali bizga meros qoldirgan birlik g'oyasi bugun Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatiga yo'nalish berib kelayotgan ilhom manbaidir. Naxchivonda qo'yilgan poydevor ustida yuksalayotgan Tashkilotimiz umumiy tarix va madaniyatimizdan olgan kuch bilan kundan kunga yanada samarali tuzilmaga aylanmoqda. Endilikda qardoshligimizni kelgusi avlodlarga yetkazadigan kuchli muassasalar bilan mustahkamlash, mushtarak irodamizni loyihalar orqali barqaror yutuqlarga aylantirish vaqti keldi”, deydi Turkiya yetakchisi.
Uning bildirishicha, jahon siyosati tub o'zgarishlarni boshidan kechirayotgan bir davrda turkiy davlatlarning hamjihatligi strategik zaruratga aylangan. Xalqaro tizim adolat va ishonchni qaror toptirishda qiynalayotgan, urushlar va inqirozlar keng hududlarga tasir ko'rsatayotgan bir paytda bu hamjihatlik alohida ahamiyat kasb etmoqda. Mushtarak iroda atrofida jipslashgan turkiy davlatlar eng og'ir sinovlarni yengib o'tish va o'z kelajagini belgilash qudratiga ega. Turkiy dunyo birligining asosi – har bir qardosh mamlakatning suvereniteti, mustaqilligi va milliy irodasiga bo'lgan hurmatdir. Bu birlik umumiy qadriyatlar bilan bir qatorda o'zaro ishonch va manfaatlarga tayanib yuksaladi.
“Turkiy dunyoning iqtisodiy birlashuvi Tashkilotimiz kelgusi davrda alohida etibor qaratishı lozim bo'lgan ustuvor yo'nalishlarning eng muhimlaridan biridir. Bu jihatdan Kaspiy dengizi orqali o'tuvchi Sharq–G'arb O'rta koridori tarixiy imkoniyat yaratmoqda. Osiyo va Yevropa o'rtasidagi savdo aloqalari qayta shakllanayotgan bugungi kunda turkiy dunyo hududi global transport va logistika tarmoqlarining muhim markazlaridan biriga aylanish imkoniyatiga ega. Biz temir yo'llarimizni, portlarimizni, avtomobil yo'llari aloqalarini va bojxona tizimlarimizni bir-birini to'ldiruvchi yaxlit bir tizim sifatida rivojlantirmoqdamiz. Kaspiy dengizining ikki sohilini bir-biriga bog'laydigan har bir sarmoya, qardosh mamlakatlarimiz o'rtasidagi savdoni kengaytiradi va umumiy farovonligimizga hissa qo'shadi”, deydi Rajab Toyib Erdo'g'an.
Turkiya Prezidentiga ko'ra, shu maqsadda “Turkiy investitsiya jamg'armasi”dan yanada samarali foydalaniladi, mamlakatlar o'rtasidagi savdo yo'lidagi to'siqlar birgalikda bartaraf etiladi, ishlab chiqarish va investitsiya sohalarida mamlakatlar bir-birining salohiyatini yanada mustahkamlaydi.
“Energiya manbalarimiz, qayta tiklanuvchi energiya salohiyatimiz va aloqa infratuzilmamizdan mushtarak maqsadlar yo'lida eng samarali tarzda foydalanamiz. Turkiy dunyoning turli hududlaridagi imkoniyatlarni yagona yo'nalishda safarbar etib, ishlab chiqarish, savdo va texnologiya sohalarida qo'lga kiritgan yutuqlarimizni birgalikda yanada ko'paytiramiz”, deydi Erdo'g'an.
Uning qayd etishicha, iqtisodiy sohada qaror toptirgan bu hamjihatlik xavfsizlik sohasida ham qatiyat bilan davom ettirilmoqda. Terrorizm, chegaraorti jinoyatlar, kibertahdidlar va tabiiy ofatlar qarshisida imkoniyatlarni birlashtirib, birgalikda harakat qilish salohiyati rivojlantiriladi. Mudofaa sanoatida tajribalarni o'zaro o'rtoqlashgan holda, mahalliy va milliy texnologiyalarni rivojlantirib, mushtarak ishlab chiqarish quvvati oshiriladi.
“Birligimizning eng qimmatli tayanchi esa umumiy tamaddun shuurimizdir. Xoja Ahmad Yassaviy hikmati, Alisher Navoiy kalomi, Nizomiy Ganjaviy irfoni, Maxtumquli Firog'iy misralari, Yunus Emroning ko'ngil tili va Chingiz Aytmatovning qalami ayni bir buyuk tamaddunning sarhadlardan oshgan boyligini namoyon etib, uning kelajagiga nur sochuvchi timsollardir”, deydi Rajab Toyib Erdo'g'an.
Turkiya yetakchisining bildirishicha, umumiy turkiy alifbo borasida bildirilgan qatiy iroda madaniy yaqinlashuv yo'lidagi tarixiy qadam. Bu qadamni talim, ilm-fan, nashriyot va raqamli texnologiyalar sohalaridagi hamkorlik orqali yanada ilgariga olib chiqiladi. Yoshlarning qardosh mamlakatlarda talim olishi rag'batlantiladi, universitetlar va olimlar bir-biriga yaqinlashtiriladi hamda turkiy tillarning suniy intellekt davrida o'ziga munosib o'rin egallashi taminlandai. Bilim, tajriba va imkoniyatlar birlashtirilib, turkiy dunyoning kelajagi birgalikda shakllantiriladi.
Turkiya Prezidenti Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tashkilotdagi maqomi haqida ham so'z yuritgan.
“Teran ildizlarga ega bu tamaddun zimmamizga yuklagan masuliyat – har qanday sharoitda ham qardoshligimizni asrab-avaylash, bir-birimizning huquq va manfaatlarimizni himoya qilishdir. Turkiy dunyoning ajralmas qismi bo'lgan Kipr turk xalqi bilan hamjihatligimizni ham ana shu tushuncha asosida davom ettirmoqdamiz. Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tashkilotimizdagi kuzatuvchi maqomi beradigan imkoniyatlarni kengaytirishga va uning qardosh mamlakatlar bilan aloqalarini mustahkamlashiga katta ahamiyat bermoqdamiz. Kipr turklari uchrayotgan nohaq yakkalashga barham berilishi, ularning suveren tengligi va teng xalqaro maqomi tan olinishi borasidagi qatiy pozitsiyamizni saqlab qolamiz”, deydi Erdo'g'an.
Uning aytishicha, Turkiy davlatlar tashkilotining mustahkamlanishi umumiy mintaqada tinchlik va o'zaro ishonchning yanada qaror topishiga ham xizmat qiladi. Tashkilot hamkorlik va hamjihatlikka asoslangan yondashuvi bilan mintaqaviy va global barqarorlikka hissa qo'shishda davom etadi.
“Turkiy davlatlar tashkiloti oldidagi asosiy vazifa – mushtarak irodamizni iqtisodiy, siyosiy, madaniy va texnologik sohalarda barqaror yutuqlarga aylantirishdir. O'z oldimizga qo'ygan ulkan maqsadlarimiz qardosh xalqlarimizning osoyishta hayoti, farovonligi va taraqqiyotida aniq natijalar sifatida o'z ifodasini topgani sari qudratimiz yanada mustahkamlanadi.
Men, XXI asr “Turkiy dunyo asri” bo'lishiga butun qalbim bilan ishonaman. Anqara sammiti shu maqsad yo'lida yangi ufqlar ochadi, tashkilotimizning xalqaro maydondagi tasirini kuchaytiradi va qardosh mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamjihatlikni yanada mustahkamlaydi. Asrlar davomida qalbimizda yashatib kelgan birlik g'oyasini boqiy ishlarda ro'yobga chiqarish va kelgusi avlodlarga har jihatdan yanada qudratli turkiy dunyoni meros qoldirish – bizning eng ulkan vazifamizdir”, deydi Rajab Toyib Erdo'g'an.