Ronaldo va Roberto Karlos Braziliya klubini sotib olmoqda
Braziliya terma jamoasining afsonaviy futbolçilari, jahon çempionlari Ronaldo va Roberto Karlos Braziliyaning uçinçi divizionida iştirok etuvçi “Internasonal Limeyra” futbol klubini sotib oliş böyiça kelişuvga erişdi. Bu haqda “Marca” naşri xabar berdi.
“Ronaldo va men hozirda Enriko hamda yana ikki nafar hamkorimiz bilan birgalikda “Internasonal Limeyra” klubini sotib olmoqdamiz. Men viloyat klublarini yaqindan örganiş, ularga homiylar topiş va mintaqaviy futbolni bizning davrimizdagi darajaga olib çiqişni maqsad qilganman”, deydi Roberto Karlos.
Malumotlarga köra, Ronaldo va Roberto Karlos Braziliyada mintaqaviy futbolni rivojlantiriş, milliy terma jamoa uçun iqtidorli futbolçilarni tayyorlaş hamda mahalliy klublarni qayta taşkil etiş jarayoniga kömaklaşişni rejalaştirmoqda.
Ronaldo avval ham klubga egalik qilgan. U 2018 yilda u Ispaniyaning “Real Valyadolid” klubining 51 foiz aktsiyasini taxminan 30 million yevroga sotib olgan va 2025 yilda uni Amerikaning Ignite investitsiya jamğarmasiga 50 million yevroga sotgan.
Uning ikkinçi yirik loyihasi “Kruzeyro” bölgan. Ronaldo 2021 yilda klub aktsiyalarining 90 foizini taxminan 70 million dollarga sotib olib, jamoani moliyaviy inqirozdan çiqarişga hissa qöşgan. 2024 yilda esa öz uluşini tadbirkor Pedro Lourensga 117 million dollarga sotgan.
Malumot uçun, 53 yoşli Roberto Karlos faoliyati davomida “Real Madrid” safida uç marta Çempionlar ligasi va tört marta Ispaniya çempionligini qölga kiritgan. Braziliya terma jamoasi bilan u 2002 yilgi Jahon çempionati ğolibi, 1998 yilgi mundial kumuş medali sohibiga aylangan. Şuningdek, u 1996 yilgi Olimpiya öyinlarida bronza medalini qölga kiritgan hamda 1997 yilgi Konfederatsiyalar kubogi va 1997 hamda 1999 yilgi Kopa Amerika musobaqalari ğolibi bölgan.
49 yoşli Ronaldo esa 1994 va 2002 yillarda jahon çempioni, 1998 yilgi Jahon çempionatining kumuş medali sohibidir. U ikki karra Kopa Amerika va 1997 yilgi Konfederatsiyalar kubogi ğolibi hisoblanadi. Faoliyati davomida “Kruzeyro”, PSV, “Barselona”, “Inter”, “Real Madrid”, “Milan” va “Korintians” klublari şarafini himoya qilgan.