Doktorantlar stipendiyasi 1,7 barobarga oşiriladi
25-05-2026, 19:09
229 марта

Doktorantlar stipendiyasi 1,7 barobarga oşiriladi
Endi doktorantlar stipendiyasi 1,7 barobarga oşiriladi va dissertatsiya himoyasidagi ortiqça qoğozbozlikning yarmi bekor qilinadi. Bu haqda Prezident Şavkat Mirziyoyev ilmiy kadrlar tayyorlaş tizimini takomillaştiriş va ilmiy faoliyat samaradorligini oşirişga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanişişi çoğida söz bordi.Malum qilinişiça, taqdimotda yuqori salohiyatli ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlaş tizimini yangi bosqiçga olib çiqişga qaratilgan çora-tadbirlar muhokama qilingan.
Özbekistonning uzoq muddatli ilmiy-texnologik rivojlanişi uçun ustuvor hisoblangan suniy intellekt, qayta tiklanuvçi energiya, oziq-ovqat xavfsizligi, tibbiyot, suv resurslari, yangi materiallar hamda seysmologiya kabi sohalar böyiça ilmiy kadrlar tayyorlaşda izlanuvçilarni qöllab-quvvatlaşning yangi tizimini joriy etiş taklif qilingan.
Bunda ustuvor yönalişlardagi doktorantlar stipendiyasini 1,7 barobarga oşiriş hamda ilmiy tadqiqotlarda zarur bölgan asbob-uskuna va reagentlar xaridi uçun har yili qöşimça mablağ ajratib boriş nazarda tutilmoqda.
Şuningdek, ilmiy rahbarlar masuliyati va ularni rağbatlantiriş mexanizmlarini kuçaytiriş taklif qilingan. Endilikda muvaffaqiyatli himoya qilingan dissertatsiyalar böyiça ilmiy rahbarlarning xalqaro ilmiy faollik körsatkiçlarini hisobga olgan holda natijaga yönaltirilgan rağbatlantiriş tizimini joriy qiliş közda tutilmoqda.
Yana bir muhim yönalişlardan biri – Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini tubdan takomillaştiriş böyiça yangi yondaşuvlar taklif etilgan.
Bunda Oliy attestatsiya komissiya faoliyatini Fanlar akademiyasi tizimida taşkil qiliş, ilmiy kengaşlar masuliyatini oşiriş hamda ular faoliyatini reyting asosida baholaş nazarda tutilmoqda.
Şuningdek, ilmiy daraja beriş jarayonlarini töliq raqamlaştiriş orqali ortiqça byurokratik tartib-taomillarni qisqartiriş taklif qilingan.
Xususan, hozirgi kunda dissertatsiya himoyasi jarayonida amal qilayotgan tartib-taomillarning 50 foizi raqamlaştiriş hisobidan qisqartiriladi.
Mazkur jarayonda köp sonli hujjatlarni çop etiş, avtoreferatlarni katta miqdorda tayyorlaş hamda dissertatsiyalarni takroran muhokama qiliş bilan boğliq ortiqça talablar bekor qilinişi nazarda tutilmoqda. Bu esa izlanuvçilar uçun qulaylik yaratiş, vaqt va mablağ sarfini kamaytirişga xizmat qiladi.
Şuningdek, ilm-fan va iqtisodiyotning real sektori integratsiyasini kuçaytiriş maqsadida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini amaliy tadqiqot loyihasi doirasida olişni nazarda tutuvçi “Loyiha doirasida ilmiy daraja” hamda “Amaliy doktorantura” dasturlarini yölga qöyiş taklif qilingan.
Uşbu yondaşuvlar doirasida doktorlik tadqiqotlari işlab çiqariş va iqtisodiyotning amaliy ehtiyojlaridan kelib çiqqan holda şakllantiriladi. Bunda ilmiy izlanişlar real sektor korxonalari bilan hamkorlikda amalga oşirilib, ularning natijalarini amaliyotga joriy etişga alohida etibor qaratiladi.
Şuningdek, ilmiy loyihalarni moliyalaştiriş va saralaş tizimini takomillaştiriş böyiça takliflar körib çiqilgan.
Jarayonga xalqaro ekspertlarni jalb qiliş, zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida loyihalarni baholaş tizimini joriy qiliş hamda ilmiy tadqiqotlarni moliyalaştirişda şaffoflik va samaradorlikni oşiriş közda tutilmoqda.
Şu bilan birga, ilmiy faollikning yuqori ösiş suratlari tadqiqot sifati, akademik halollik va içki ilmiy nazorat mexanizmlarini yanada kuçaytirişni talab etmoqda.