USD: 12,004 söm ▲ EUR: 13,156 söm ▼ RUB: 147 söm ▲ GBP: 15,721 söm ▼ CNY: 1,797 söm ▲ KZT: 26 söm ▼ TRY: 237 söm ▲ AED: 3,268 söm ▲ USD: 12,004 söm ▲ EUR: 13,156 söm ▼ RUB: 147 söm ▲ GBP: 15,721 söm ▼ CNY: 1,797 söm ▲ KZT: 26 söm ▼ TRY: 237 söm ▲ AED: 3,268 söm ▲

Saytdan izlash

Maxfiylik siyosati

Saytimizdan foydalanishda sizga eng yaxshi tajribani taqdim etish uchun biz cookie-fayllardan foydalanamiz. Saytimizdan foydalanishda davom etish orqali siz Maxfiylik siyosati va Foydalanish shartlari ga rozilik bildirgan bo‘lasiz.

Yaqin Şarqdagi mojaroning narxi qança?

64 марта
Яқин Шарқдаги можаронинг нархи қанча?

Joriy yilning 21 iyun kuni Jahon çempionati guruh bosqiçi doirasida bölib ötgan Belgiya va Eron uçraşuvida 0:0 hisob qayd etilgaç, bir X yoki sobiq Twitter foydalanuvçisi öz sahifasiga şunday mazmundagi post joyladi:

“Biz Eronni mağlub etolmagan bölişimiz mumkin, lekin bu bizga eng kamida 300 milliard AQŞ dollariga tuşmadi”, deb yozadi u.

Nima ham derdik, bor gap. Bugun, balki yakunlaniş arafasida turgan uruş, bir neça oy davomida milliardlab dollarlarni yutib yubordi. AQŞ ham, Eron ham yetarliça emas, keragidan ortiq xarajat qildi. Ammo yakunda na gölib bor, na biror “piçoqqa ilinarli” yutuq. 100 kundan oşiqroq davom etgan uruş faqat minglab qurbonlar, milliardlab iqtisodiy zarar va reputatsiyaning yöqolişiga olib keldi xolos. Keling, uşbu maqolada, 28 fevraldan buyon hammamizni jonimizga tegib ulgurgan bu uruş kimga qançaga tuşganini hisoblab köramiz.

AQŞ kutganidan qimmatga tuşdi

Uruş Eronga sanktsiyalardan xalos böliş, qayta tiklaşga kömaklaşuvçi jamğarmalarni taşkil etiş hamda dunyoning eng muhim suv yölidan boj  undiriş huquqini taqdim etuvçi kelişuv bilan yakunlanişi mumkin. Tehron talabiga köra, endi AQŞ Eronning muzlatilgan aktivlarini ham qaytariş masalasini körib çiqyapti. Pentagon esa harbiy harajatlar köpayib ketgani haqida xabar bermoqda. Xöş, uruş şunça yöqotişga arzirmidi?

Uşbu savolga ekspertlar “uruş heç kimga, ayniqsa AQŞga, foyda keltirmadi”, deb javob bermoqda. Avvalo, insoniy talafotlar miqyosida ham mojaro yetarliça zarar keltirdi. AQŞ 13 nafar harbiysidan ayrilgan bölsa, Eronda qurbonlar soni ança köp, qariyb 3,5 mingga yaqin “issiq jon”. Şuni inobatga oliş kerakki, texnik jihatdan Eron töğridan-töğri AQŞga hujum qila olmadi, köproq Qöşma Ştatlarning harbiy bazalarini nişonga oldi. Şu sababli, AQŞga yetkazilgan zararning iqtisodiy kölamini “taroziga soliş” nisbatan töğriroq böladi nazarimizda.

Pentagon bergan rasmiy bayonotlarga köra, faqatgina may oyining örtalariga kelib, AQŞning uşbu uruş doirasidagi töğridan-töğri harbiy xarajatlari 29 milliard dollarga yetgan edi. 17 iyundagi memorandumgaça esa bu xarajatlar yana oşib, öşa tvitda aytilganidek, tahminan 30-40 milliard dollarga kötarilgan bölsa ajab emas.

AQŞ Mudofaa vazirining örinbosari Stiven Faynberg Kongressdan uruş xarajatlari va boşqa zararlarni qoplaş uçun 80 milliard dollar qöşimça mablağ söraşini malum qilgan edi. Bir qaraşda bu juda ham katta summadek körinişi mumkin, ammo mutaxassislar haqiqiy xarajatlar bundan ham köproq ekanligini aytmoqda. Mojaro davomida yigirmaga yaqin harbiy baza zarar körgan, önlab samolyot va dronlar işdan çiqqan. Bundan taşqari AQŞ arsenalining “qimmatbaho öyinçoqlari” ham sezilarli miqdorda kamaygan. Malumotlarga köra, Patriot havo mudofaa raketalari zaxirasining yarmidan köpi ham işlatib tugatilgan va ularni qayta tiklaş uçun olti yilgaça vaqt kerak bölişi mumkin. Agar AQŞ kelgusidagi potentsial uruşlarga tayyor turişni xohlasa, harbiy qudratini heç bölmaganda uruşdan oldingi holatiga qaytarişi lozim. Bu esa juda qimmat. Mustaqil iqtisodiy tahlilçilar va nufuzli xalqaro naşrlar AQŞ va Isroilning Eronga qarşi uruşining jami harbiy, moddiy va logistik yuklamasini uzoq muddatli istiqbolda, hatto 1 trillion dollargaça yetişi mumkinligini prognoz qilişgan.

Uruşning eng katta strategik saboği esa Eronning yangi qurolini namoyiş etgani böldi. Gap yadroviy dastur haqida emas, dunyo iqtisodiyotining tomirlaridan biri bölgan Hormuz böğozi haqida ketmoqda. Aynan şu böğoz orqali dunyo neftining qariyb beşdan bir qismi taşiladi. Natijada global energiya inqirozi yuzaga keldi, neft narxlari keskin oşdi va Tramp mamuriyati uruşni tezroq yakunlaşga majbur bölmoqda.

“Moody’s analytics” korporatsiyasining hisob-kitoblariga köra, mojaro AQŞ istemolçilari va soliq tölovçilariga 132 milliard dollarga tuşgan. Bunga asosiy sabab esa – yonilği narxlari. Benzin narxi bir gallon uçun 4,56 dollargaça kötarildi. Öğit narxlari esa 47 foizga oşib, oziq-ovqat narxlarining ham qimmatlaşişiga sabab böldi. Bir söz bilan aytganda uruş nafaqat davlat ğaznasiga, balki, oddiy kundalik istemolçilarning çöntagiga ham qimmatga tuşdi.

Bugun Tramp bu uruşni siyosiy ğalaba sifatida talqin qilayotgan bölişi mumkin. Ammo raqamlar, xarajatlar va natijalar boşqa narsani aytmoqda. Bu uruşda faqat mağlublar bor, janob Tramp.

Eron nimalarni yöqotdi

Har qança Eronni mağlub bölmadi demaylik, bu uruş unga şu qadar qimmatga tuşdiki, mamlakat iqtisodiyoti körilgan zararlarni bartaraf etiş uçun bir neça yillar sarflaşga majbur. “The Economist” naşrining malumotlariga köra, uruş va blokada natijasida 2026 yil may oyida mamlakatda yillik inflyatsiya 84 foizga, oziq-ovqat inflyatsiyasi esa 131 foizga yetgan. Uruş davrida 2 millionga yaqin odam işini yöqotgan. Natijada, köplab oilalar göşt va nonni ham bölib-bölib tölaşga majbur bölmoqda.

Eron iqtisodiyoti asosan energiya resurslari savdosiga tayanadi. Blokada esa aynan taşqi savdoga kuçli zarba berdi. Aprel oyidan buyon Pokiston portlarida Eron uçun möljallangan 3 mingdan ortiq konteyner yiğilib qolgan. Uruş davomida AQŞ va Isroil zarbalari natijasida neftni qayta işlaş zavodlari, metallurgiya korxonalari va yirik neft-kimyo majmualari zarar körgan. Mutaxassislar hisob-kitobiga köra, faqat energetika obektlarini tiklaşning özigina 19 milliard dollarga tuşişi mumkin. Ayrim baholaşlarga köra, uruş oqibatida yetkazilgan umumiy zarar 144 milliard dollarga teng bölib, bu Eron yalpi içki mahsulotining qariyb yarmi deganidir.

Natanz va Fordo kabi uranni boyitiş majmualari ham AQŞ va Isroil kuçlari tomonidan kunpayakun qilindi. Milliardlab dollarlik texnikalarni yöqotilişi, hali Eron ğaznasiga ança ğalva böladi. Agar yadro quroli yaratiş dasturi bölgan taqdirda ham endi uni uruşdan oldingi holiga keltiriş uçun yana ön yilliklar ketişi mumkin.

Nafaqat harbiy yoki sanoat infratuzilmalari, balki millionlab insonlarning uylari, maktablar, şifoxonalar bombardimon qilindi. Qançadan-qança inson bugun bor-budidan, yaqinlarida ayrilgan.

Eronning sobiq Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Homanaiyning ölimi butun Eron xalqida AQŞ va Isroilga nisbatan nafrat çöğini alangalatib yubordi. Bundan taşqari önlab generallar, olimlar halok böldi. Minob şahridagi “Şajareh Tayebeh” boşlanğiç qizlar maktabida yuz bergan portlaş esa, doimo AQŞ yoki Isroilni yonini olib kelganlarni ham ğazablantirdi. Zamonaviy dunyoning uruş qoidalari, bu qoidalar kuçlilar tomonidan buzilmagunça amal qilişini uşbu 108 kunlik uruş yana bir bor isbotladi.

Aslida, 300 milliard dollarlik qayta tiklaş jamğarmasining ajratilişi közda tutilganining özi ham Eron infratuzilmasiga yetgan zararning miqyosi naqadar ulkan bölganining bir isbotidir. Şu sabab ham Tehron bu uruşni yana çözişdan heç qanaqasiga manfaatdor bölmasa kerak. Uruş ertami-keçmi yakun topişi aniq. Ammo uning oqibatlari hali uzoq yillar saqlanib qoladi.

Изоҳ қолдириш

Мавзуга алоқадор: