Durdona va Sayyoraning qotillariga sud hukmi öqildi
Istanbulda Özbekiston fuqarolari Durdona Hakimova va Sayyora Ergaşaliyevani öldirişda ayblangan ikki şaxsning har biriga ikki marta oğirlaştirilgan umrbod qamoq jazosi tayinlandi. Sud, şuningdek, ularni marhumlarning ölimidan foydalanib, xonadonda öğrilik qilgani uçun ham jazoladi. Bu haqda Turkiyaning mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Istanbulning Umraniya tumanida Özbekiston fuqarolari – 36 yoşli Durdona Hakimova va 32 yoşli Sayyora Ergaşaliyevaning ölimi böyiça sud qarori çiqarildi. Jinoyatda ayblangan Özbekiston fuqarolari 31 yoşli Dilşod Turdimurotov va 29 yoşli Ğofurjon Kamolxöjayev har biri “qasddan, vahşiylik hissi bilan yoki qiynoq yetkazib öldiriş” jinoyati böyiça ikki martadan oğirlaştirilgan umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.
Bundan taşqari, sud har ikki ayblanuvçiga “şaxsning ölimidan foydalanib, xonadonda öğrilik qiliş” jinoyati uçun ham ikki martadan 7 yil – jami 14 yillik qamoq jazosi tayinladi.
Kamera tasvirlari gumondorlarning izini oçgan
Özbekistondan 2025 yilning 28 dekabr kuni Turkiyaga borgan Sayyora Ergaşaliyevadan joriy yil 23 yanvardan beri xabar olinmagani haqida uning oilasi malum qilgan. Şundan söng huquq-tartibot idoralari tekşiruv boşlagan.
Tergov davomida Sayyoraning Durdona Hakimova öldirilgan xonadonda yaşagani aniqlangan. Xavfsizlik kameralari tasvirlari örganilganda, 23 yanvar kuni Sayyora xonadonga kirganidan keyin Dilşod Turdimurotov va Ğofurjon Kamolxöjayev ham uşbu manzilga kirgani malum bölgan.
Kamera tasvirlarida 24 yanvar kuni gumondorlarning xonadondan bir neça marta qora çiqindi paketlari bilan çiqqanlari köringan. Keyinçalik ular manzildan oq rangli çemodan bilan ham çiqib ketgan. Tergov malumotlariga köra, gumondorlar tijoriy taksida Fotih tumaniga borgan. Ular çemodandagi bölaklarni çiqindi konteyneriga taşlagandan keyin piyoda holda Yenikapi Marmaray bekatiga yöl olgan.
Tergov doirasida Durdona Hakimovaning qotiligi böyiça hibsda saqlanayotgan Dilşod Turdimurotov va Ğofurjon Kamolxöjayev bilan ötkazilgan suhbatlar davomida Sayyora Ergaşaliyeva ham 23 yanvar kuni xuddi şu xonadonda ötkir kesuvçi qurol bilan öldirilgani malum bölgan. Tergovda Sayyoraning jasadi bölaklarga bölinib, Istanbulning turli tumanlaridagi çiqindi konteynerlariga taşlangani ham aniqlangan.
Iş böyiça Anadolu 17-Oğir jinoyatlar sudida ötkazilgan navbatdagi majlisda hibsdagi ayblanuvçilar Dilşod Turdimurotov va Ğofurjon Kamolxöjayev, ularning advokatlari hamda Oila va ijtimoiy xizmatlar vazirligi advokati iştirok etgan.
“Sayyorani yolğiz özim öldirdim”
Hibsdagi Ğofurjon Kamolxöjayev suddagi himoya nutqida Sayyora uning diniy nikohdagi rafiqasi bölganini aytgan. U Durdonani tanimasligini, Dilşod esa uning dösti ekanini bildirgan. Kamolxöjayev Sayyorani xiyonat qilgani uçun “nomus sababli” öldirganini va jinoyatni yolğiz özi sodir etganini aytgan.
“Uning oilasi bu yerda bölgani uçun tafsilotlarni aytişni istamayman. Boşqa ayblanuvçi Dilşod menga yordam bermagan. Bir kundan keyin boşqa marhuma Durdona men yaşaydigan uyga keldi. Durdona bilan Dilşodning munosabatlari yaxşi emas edi, ularni yaraştirmoqçi böldim”, degan u.
Kamolxöjayev Sayyoraning telefonidan Durdonaga özi xabar yozmaganini va bu haqda malumoti yöqligini aytgan. U, şuningdek, Durdonaning qanday öldirilganini bilmasligini bildirib, Sayyora öldirilganidan keyin uning jasadi xonadonda qolganini bildirgan.
“Qonli körpa va kiyimlarni paketlarga solib, olib çiqdim. Jasadni bölaklarga bölmadim. Durdonani men öldirmadim, uning jasadini ham bölaklarga bölmadim. Dilşod mendan yordam söradi, u bilan birga çemodanni tuşirdim. Çemodan içida nima borligini bilmasdim. Sayyorani öldirgan keçam Dilşod uyda yöq edi. Sayyorani yolğiz özim öldirdim, menga heç kim yordam bermadi”, degan Kamolxöjayev.
“Eng oğir jazoga loyiqman”
Ikkinçi ayblanuvçi Dilşod Turdimurotov esa sudda faqat Durdonani “nomus masalasi” sababli öldirganini tan olgan.
“Men faqat Durdonani nomus masalasi sababli öldirganimni tan olaman. Boşqa heç narsani tan olmayman. Aqlim joyida bölmagani uçun jasadni bölaklarga böldim. Qilgan işimni oqlab bölmaydi, puşaymonman. Eng oğir jazoga loyiqman. Çin dildan puşaymonman, qani edi bunday qilmaganimda”, degan Turdimurotov.
Marhumaning diniy nikohdagi eri va sud hukmi
Sudda davogar sifatida körsatma bergan Erhan Dursun Durdona Hakimovaning 7 yildan beri diniy nikohdagi eri bölganini aytgan. Şu bilan birga, u marhumaning boşqa şaxs bilan rasmiy nikohda bölganini bildirgan. Şundan söng sud raisi unga murojaat qilib, marhuma bilan rasmiy nikohdan ötmagan bölsa, uni davogar sifatida tinglaş mumkin emasligini aytgan.
“Marhuma bilan rasmiy nikohing bölmasa, qanday qilib sen diniy nikohda bölgansan? Heç bölmasa dinni bunday işlarga aralaştirmanglar», degan sud raisi.
Sud majlisida davlat ayblovçisi özining yakuniy fikrini bayon qilgan. Prokuror har ikki ayblanuvçiga “şaxsning ölimidan foydalanib, xonadonda öğrilik qiliş” jinoyati böyiça ikki martadan 7 yillik qamoq jazosi berişni söragan. Şuningdek, ularni “qasddan, vahşiylik hissi bilan yoki qiynoq yetkazib öldiriş” jinoyati böyiça ikki martadan oğirlaştirilgan umrbod qamoq jazosiga hukm qilişni talab qilgan.
Sud hayati qarorini elon qilib, Dilşod Turdimurotov va Ğofurjon Kamolxöjayevning har birini “qasddan, vahşiylik hissi bilan yoki qiynoq yetkazib öldiriş” jinoyati böyiça ikki martadan oğirlaştirilgan umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Bundan taşqari, har ikkisiga “şaxsning ölimidan foydalanib, xonadonda öğrilik qiliş” jinoyati böyiça ham ikki martadan 7 yil, jami 14 yil qamoq jazosi berildi.
Ayblov xulosasida nima deyilgan?
Anadolu Respublika Boş prokuraturasi tomonidan tayyorlangan ayblov xulosasida ayblanuvçilar voqea kuni harakatlarni birgalikda va kelişgan holda amalga oşirgani qayd etilgan.
Hujjatda aytilişiça, ayblanuvçilar dastlab Sayyora Ergaşaliyevani piçoq bilan öldirgan. Şundan söng uning boşi, oyoqlari va qöllarini tanasidan ajratib, çiqindi paketlariga solgan va voqea joyiga yaqin çiqindi konteynerlariga taşlagan. Jasadning asosiy qismi esa Fotih tumanidagi masjid yaqinida joylaşgan çiqindi qutisiga taşlangan.
Şundan keyin ayblanuvçilar yana xuddi şu xonadonga qaytib, Durdona Hakimovani piçoq bilan öldirgani aytilgan. Ayblov xulosasiga köra, Durdonaning jasadi ham bölaklarga bölingan va çiqindi paketlari hamda çemodanga solinib, çiqindi konteyneriga taşlangan. Hujjatda ayblanuvçilar jinoyatni birgalikda sodir etgani takidlangan.
Eslatib ötamiz, avvalroq sud yakunida prokurorlar tomonidan hibsga olingan gumonlanuvçilar 31 yaşar Dilşod Turdimurotov va 29 yaşar Ğofurjon Kamolxöjayevga nisbatan oğirlaştirilgan umrbod qamoq jazosi söralgani xabar qilingandi.