“Dok-1 Maks” fojiasi jabrlanuvçilariga davlat byudjetidan kompensatsiya tōlandi

“Dok-1 Maks” fojiasi jabrlanuvçilariga davlat byudjetidan kompensatsiya tōlandi
“Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalari iste’moli oqibatida jabrlangan oilalarga moddiy va ma’naviy zararni qoplaş uçun davlat byudjetidan 65,2 milliard sōm ajratildi. Bu haqda Soğliqni saqlaş vazirligi xabar berdi.
Toşkent şahar jinoyat işlari bōyiça sudining ijro hujjatlariga kōra, “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalari iste’moli natijasida jabrlangan oilalarga Majburiy ijro byurosi tomonidan 90 nafar jabrlanuvçi foydasiga jami 82 milliard sōm kompensatsiya tōlovi undirilişi belgilangan edi.
Biroq aybdorlarning xatlangan mol-mulkini sotiş jarayoni belgilangan muddatdan çōzilgani sababli bugungi kunga qadar uşbu mablağning 20 foizi, ya’ni 16,8 milliard sōmi tōlangan, xolos. Kompensatsiyaning qolgan qismi esa bir neça yildan beri tōlanmay kelgan.
Şu bois Prezident tomonidan jabrlangan oilalarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni tōliq qoplab beriş işlarini tezlaştiriş bōyiça tegişli topşiriq berilgan. Şunga asosan davlat byudjetidan 65,2 milliard sōm ajratilgan. Şu tariqa, bugunga qadar 88 nafar jabrlanuvçiga jami 80 milliard sōm, şu jumladan, vafot etgan 72 nafar bola oilalariga 72,2 milliard sōm, davolangan va davolanayotgan 16 nafar bola oilalariga esa 7,8 milliard sōm tōlandi.
Bank kartalari bilan bağliq texnik masalalar hal etilgandan sōng 2 nafar bola oila a’zolariga ham qolgan 2 milliard sōm tōliq tōlab beriladi.
Byudjetdan ajratilgan 65,2 milliard sōm mablağ aybdor şaxslarning mol-mulkini sotişdan tuşgan va ulardan undirilgan mablağ hisobidan respublika byudjetiga qaytariladi.
Bildirilişiça, ayni paytda Soğliqni saqlaş vazirligi, tegişli davlat taşkilotlari va idoralari mas’ullari respublika tibbiyot markazlari şifokorlari bilan birgalikda jabrlangan oilalarning holidan xabar olib, bolalarga qōşimça zarur tibbiy va psixologik yordam kōrsatiş çoralarini kōrmoqda.
“Dok-1 Maks” fojiasi
2022 yilning dekabr oyida Ōzbekistonda Hindistonning “Dok-1 Maks” tabletka va siropidan jami 70 nafarga yaqin bola vafot etgandi. Şundan sōng Ōzbekistonda mazkur dori savdosi butkul tōxtatilib, holat yuzasidan jinoyat işi qōzğatilgan. Kōrib çiqilgan sud işi yakuniga kōra esa jami 19 kiși jazolangan.
Ular orasida 1972 yilda Hindiston Respublikasida tuğilgan, “Quramax Medical” MÇJ direktori lavozimida işlagan Singx Ragvendra Pratap ham bōlib, u Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi, 186-3-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi, 213-moddasi 3-qismi “a” bandi va 228-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari, 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etiş jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda ōtaş belgilangan. Jazoni ōtab bōlganidan keyin esa Hindiston fuqarosi Singx Ragvendra Pratapni Ōzbekiston Respublikasidan taşqariga çiqarib yuboriş belgilangan.
Şuningdek, Sardor Qoriyev (1982 yilda Toşkent şahrida tuğilgan, Farmatsevtika tarmoğini rivojlantiriş agentligi direktori va uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlaştiriş davlat markazi” DUK direktori lavozimlarida işlagan) Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari va 209-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 2 yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida işlaş huquqidan mahrum qilgan holda 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etiş jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda ōtaş belgilangan.