USD: 12,004 söm ▲ EUR: 13,156 söm ▼ RUB: 147 söm ▲ GBP: 15,721 söm ▼ CNY: 1,797 söm ▲ KZT: 26 söm ▼ TRY: 237 söm ▲ AED: 3,268 söm ▲ USD: 12,004 söm ▲ EUR: 13,156 söm ▼ RUB: 147 söm ▲ GBP: 15,721 söm ▼ CNY: 1,797 söm ▲ KZT: 26 söm ▼ TRY: 237 söm ▲ AED: 3,268 söm ▲

Saytdan izlash

Maxfiylik siyosati

Saytimizdan foydalanishda sizga eng yaxshi tajribani taqdim etish uchun biz cookie-fayllardan foydalanamiz. Saytimizdan foydalanishda davom etish orqali siz Maxfiylik siyosati va Foydalanish shartlari ga rozilik bildirgan bo‘lasiz.

Yangi alifbo uçun klaviaturada alohida tugmalar paydo böladi

103 марта
Янги алифбо учун клавиатурада алоҳида тугмалар пайдо бўлади
Ўзбекистонда ОАВ мажбуран янги алифбога ўтказилиши мумкин (видео)

Özbekistonda OAV majburan yangi alifboga ötkazilişi mumkin (video)

2027 йилдан 1-синф дарсликлари янги алифбода чоп этилади

2027 yildan 1-sinf darsliklari yangi alifboda çop etiladi

Özbekistonda yangi özbek alifbosiga ötiş jarayonida kompyuter klaviaturalarida Ö, Ğ, Ş va Ç harflari uçun alohida tugmalar paydo bölişi mumkin. Şuningdek, davlat axborot tizimlari, elektron hukumat platformalari, malumotlar bazalari va elektron hujjat aylanişi ham yangi alifboga moslaştiriladi. Bu haqda bugun, 10 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantiriş departamenti rahbari Nodirjon Xolbötayev malum qildi.

Masala senator Husan Ermatov tomonidan kötarilgan. U yangi alifboda törtta harfning şakli özgarişi munosabati bilan ularni davlat axborot tizimlarida qöllaş uçun texnik tayyorgarlik qanday ketayotganini söragan.

Xususan, senator davlat axborot tizimlari, elektron hukumat platformalari, elektron hujjat aylanişi va malumotlar bazalarini yangi harflarga moslaştiriş masalasiga oydinlik kiritişni söragan.

Uning savoliga Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatçisi Nurilla Abdullayev javob bergan. Uning aytişiça, bu borada Vazirlar Mahkamasi va Senat bilan hamkorlikda çora-tadbirlar rejasi işlab çiqilgan.

“Qonun qabul qilinişi bilan bu rejalarni amalga oşirişga ötamiz”, deydi Nurilla Abdullayev.

U yangi alifboga ötiş jarayonida yagona texnik standart işlab çiqilişi, malumotlar bazalari auditdan ötkazilişi va ulardagi Ö, Ğ, Ş va Ç harflari avtomatik ravişda almaştirilişini malum qilgan.

Şuningdek, axborot tizimlari örtasidagi integratsiya va malumotlar almaşinuvi, elektron hujjat aylanişi ham yangi alifboga moslaştiriladi. Fuqarolarga oid malumotlarni migratsiya qiliş, qidiruv va identifikatsiya mexanizmlarini takomillaştiriş ham rejalaştirilgan.

“Birinçidan, biz bu jarayonda yagona texnik standart işlab çiqamiz. Ikkinçidan, malumotlar bazalari auditdan ötkaziladi va ularda mavjud Ö, Ğ, Ş, Ç kabi harflar avtomatik ravişda almaştiriladi. Uçinçidan, integratsiya va malumotlar almaşinuvi moslaştiriladi. Törtinçidan, elektron hujjat aylanişi moslaştiriladi. Beşinçidan, fuqarolar va malumotlarni migratsiya qiliş jarayonlari amalga oşiriladi. Oltinçidan, qidiruv va identifikatsiya mexanizmlari takomillaştiriladi”, dedi u.

Abdullayevning takidlaşiça, Ö, Ğ, Ş va Ç harflari boşqa davlatlarda ham qöllanilayotgani uçun ularni texnik tizimlarga joriy qiliş nisbatan oson keçişi mumkin.

Yangi alifboda kompyuterda yoziş masalasiga Davlat tilini rivojlantiriş departamenti rahbari Nodirjon Xolbötayev ham töxtaldi. Uning aytişiça, mutaxassislar klaviaturalarni yangi alifboga moslaştiriş böyiça takliflarni allaqaçon işlab çiqmoqda.

Uning sözlariga köra, klaviaturadagi böş tugmalarga yangi törtta harfni joylaştiriş mumkin. Bu yangi harflarni yozişni ança osonlaştiradi.

“Juda qisqa fursat içida öşa böş kataklarga harflar joylaşadi va biz beş-olti harakat bilan emas, bitta tugmani bosganda öşa bizga qiyinçilik tuğdirayotgan harflarni yoziş imkoniga ega bölamiz”, dedi Xolbötayev.

Departament rahbari yangi alifboga ötiş uçun maxsus dasturlar ham paydo bölayotganini aytdi. Uning malum qilişiça, ayrim xususiy raqamli texnologiya mutaxassislari rasmiy qonun hali qabul qilinmasidan turib, matnlarni yangi alifboga ögiruvçi dasturlarni işlab çiqişni boşlagan.

Bunday dasturlar kirill yozuvi yoki hozir amalda bölgan lotin yozuvidagi matnlarni yangi alifboga avtomatik tarzda ögiriş imkonini beradi.

“Hali biz qonunni qabul qilmasdan bugun aholining bu dasturlardan foydalaniş imkoniyati bor. Raqamli texnologiyalar mutaxassislari bunga çanqoq edi, taşna edi. Bugun şu yangilikni xursandçilik bilan qabul qilib, heç qanday topşiriqsiz, özlarining taşabbusi bilan şu klaviaturalar yoki öşa matnlarni ögiruvçi dasturlarni amaliyotga joriy qilib boşladi”, deydi Nodirjon Xolbötayev.

Eslatib ötamiz, avvalroq Senatning 19-yalpi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini joriy etiş töğrisida”gi Özbekiston Respublikasi Qonuniga özgartiriş kiritiş haqida”gi qonun senatorlar tomonidan maqullangani haqida xabar berilgan edi.

Изоҳ қолдириш

Мавзуга алоқадор: