“Isroilparastlarga xizmat körsatmaymiz”. AQŞdagi özbek qahvaxonasi ustidan tekşiruv boşlandi
AQŞ Adliya vazirligi Nyu-Yorkdagi özbekona uslubdagi “Poetica Coffee” qahvaxonalar tarmoği ustidan fuqarolik huquqlari böyiça tekşiruv boşladi. Bunga tarmoqning Isroilni qöllab-quvvatlovçi demokrat kongressmen Den Goldmanga xizmat körsatmasligini malum qilgani sabab bölgan. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Adliya vazirligining Fuqarolik huquqlari bölimi rahbari Harmit K. Dhillonning aytişiça, tekşiruv qahvaxona tarmoği ijtimoiy tarmoqlarda Goldmanni öz filiallarida körişni istamasligini bildirganidan keyin boşlangan.
“Bu harakatlar nafaqat qoralanişi lozim, balki qonunga zid bölişi ham mumkin”, degan u.
Bruklin va Ist-Villijda yettita filialga ega bölgan “Poetica Coffee” Den Goldman qizini ergaştirib qahvaxonalaridan biriga kelganidan keyin Facebook va Instagram sahifalarida bayonot bergan.
“Bugun qahva içiş uçun dökonimizga kirganingizni kördik. Genotsid şarbatining tamiga öxşamasligini sezdingizmi yoki hali ham farqni ajrata olmayapsizmi?
Poetica’da irqçilarga, faşistlarga, gomofoblarga, genotsidni qöllab-quvvatlovçilarga va ularning orasidagi heç kimga xizmat körsatilmaydi. Afsuski, sizni darrov tanimabmiz, aks holda kiritmagan bölardik”, deyilgan postda.
Şuningdek, qahvaxona Goldman sarflagan 9,82 dollar qaytarib berilganini va uning qayta kelmasligini istaşini bildirgan.
CNN telekanaliga bergan intervyusida Goldman bu holatdan afsuslanganini aytgan.
“Menimça, biz odob-axloq, munosabat madaniyati va oddiy insonparvarlik borasidagi tuşunçalarimizni yöqotib qöydik”, degan u.
Biroq kongressmen qahvaxona tarmoğini tekşiriş kerak deb hisoblamasligini ham qöşimça qilgan.
Malum qilinişiça, AQŞ federal qonunçiligi va Nyu-York ştati qonunlari biznes subektlariga irq, din, jins yoki milliy kelib çiqiş asosida xizmat körsatişni rad etişni taqiqlaydi. Ammo bu himoya siyosiy qaraşlar yoki mafkuraga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Den Goldman Demokratik partiya içida Isroilni oçiq qöllab-quvvatlovçi siyosatçilardan biri hisoblanadi. U özini “faxrli sionist va Isroilning qatiy tarafdori” deb tariflagan.
Şu bilan birga, u Ğazoda genotsid sodir bölayotganini rad etgan bölsa-da, vaziyatni “dahşatli” deb baholagan va jangovar harakatlarni töxtatişga çaqirgan. Goldman, şuningdek, Isroil Boş vaziri Binyamin Netanyahu hukumatini “ekstremistik” deb atab, Ğarbiy sohildagi yahudiy manzilgohlarini kengaytirişga qarşi çiqqan.