Serbiya bilan yaqinlik, tuğuruqxonadagi qotillik, oşayotgan yölkira, “uçastkovoy”larga yangi vakolat – Hafta tahlili
Serbiya Özbekistonga birgalikda ballistik raketa işlab çiqarişni taklif qilyapti. Şavkat Mirziyoyev samolyotini Serbiyaga parvoz vaqtida qiruvçi samolyotlar qöriqladi. Mahallalar uyuşmasi raisi Qahramon Quronboyev lavozimidan ketdi, Ğofurjon Mirzayev va Pölat Bobojonov tandemi yangi işga ötkazildi. Mahallalardagi “uçastkovoy”larga yangi huquq berilyapti. Toşkentda avtobus va metro uçun yöl haqi oşişi kutilmoqda. Çorvoqda bir oilaning uç azosi – ota ikki öğli bilan çökib ketdi. Farğonada boş hamşira qöl ostidagi xodimlarni piçoqladi, bir kişi vafot etdi. Alifbo özgaryapti. Hafta davomida sodir bölgan şu va boşqa xabarlar tafsiloti bilan Hafta voqealari tahlilida tanişasiz.
Özbekiston Serbiyaga strategik şerik böldi
Serbiya bir yil içida uzoq masofali ballistik raketalar işlab çiqarişni boşlaydi va bu masalada Özbekiston bilan hamkorlik qilişga tayyor. Uşbu bayonot Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuçiç tomonidan Özbekiston Prezidenti Şavkat Mirziyoyevning ötgan hafta 7-8 sentyabr kunlari Serbiyaga amalga oşirgan ilk davlat taşrifi davomida yangradi. Rasmiy Toşkent hozirça Vuçiçning bu taklifiga heç bir şaklda munosabat bildirgani yöq.
Özbekiston ikkinçi mamuriyat davrida jangovar tayyorgarlik, mudofaa sohasini moderenizatsiya qilişga alohida etibor qaratmoqda. Mamlakatda “Tarlon” va “Qalqon” köp maqsadli zirhli avtomobillari, şuningdek, yengil sovutlangan taktik maşinalar işlab çiqarilmoqda. Şuningdek, harbiy va fuqarolik maqsadlariga möljallangan “Loçin” nomli dronlar va razvedkaçi pilotsiz apparatlar işlab çiqariş yölga qöyilgan. Oğir jangovar texnikalar, aviatsiya, raketa hamda havo hujumidan himoya tizimlari asosan import qilinadi.
Mamlakat Turkiyaning “Bayraktar TB2” razvedka-zarbdor dronlarini xarid qildi va ular hozirda çegaralarni qöriqlaş hamda jangovar navbatçilikda qöllanilmoqda. Şuningdek, Turkiyaning TUSAŞ kompaniyasi işlab çiqqan ANKA oğir uçuvçisiz aviatsiya komplekslarini yetkazib beriş böyiça ham kelişuvlarga erişilgan. Braziliyaning Embraer kompaniyasi işlab çiqqan “C-390 Millennium” harbiy-transport samolyotlarini sotib oliş böyiça şartnoma imzolangan. Şuningdek, yaqinda Xitoydan yangi avlod qiruvçi samolyotlar – J-10CE xarid qilindi.
“Bir yil içida biz uzoq masofali ballistik raketalar işlab çiqarişni boşlaymiz va bu masalada ham siz bilan hamkorlik qilişga tayyormiz. Bu Serbiya aholisiga kamdan kam hollarda aytadigan yangiligimiz, ammo bu bizning ham texnologik, ham ahamiyatli – sanoat sohasidagi ilgarilaşimizdan dalolat beradi. Mutaxassislarimiz köp narsaga erişdi va işonamanki, aytib ötganimdek, bir yil içida buni ham amalga oşira olamiz. Uşbu sohada ham birodarlarimiz va özbekistonlik döstlarimiz bilan hamkorlik qilişga tayyormiz”, deydi Vuçiç.
Ahamiyatli jihati şundaki, Belgradga rafiqasi bilan borgan Prezident Mirziyoyevning bortini Serbiya osmonida Rossiyada işlab çiqarilayotgan MiG-29 qiruvçi samolyotlari qöriqlab bordi. Şavkat Mirziyoyev va Ziroat Mirziyoyevani aeroportda Aleksandr Vuçiç rafiqasi Tamara Vuçiç bilan kutib oldi.
Belgraddagi Serbiya saroyida Prezident Şavkat Mirziyoyevni tantanali kutib oliş marosimi bölib ötdi. Özbekiston rahbari va uning rafiqasi şarafiga rasmiy qabul marosimi taşkil etildi. Belgraddagi qator osmonöpar binolar esa Özbekiston bayroği ranglariga burkangani jamoatçikda muhokama mavzusi böldi.
Özbekiston va Serbiya diplomatik munosabatlari 1995 yilda örnatilgan bölsa-da, 2025 yilgaça bordi-keldilar bölmagan, munosabatlar mötadilligiça qolgan. 2025 yilning 28-31 oktyabr kunlari Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuçiçning Özbekistonga taşrifi bu sukunatni buzdi. Öşanda ikki mamlakat rahbarlari muzokaralari yakunida hamkorlikni çuqurlaştiriş töğrisida Qöşma bayonot hamda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, qişloq xöjaligi va transport sohalarida qator ikki tomonlama bitimlar imzolandi.
Mirziyoyevning Belgradga taşrifi bahonasida ham Prezidentlar mamlakatlar örtasidagi köp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirişga doir masalalarni muhokama qildi.
Özaro savdo hajmini birinçi navbatda talab yuqori bölgan tovarlar yetkazib berişni kengaytiriş hisobiga oşiriş, erkin savdo töğrisidagi bitimni işlab çiqiş va qabul qiliş, standartlaştiriş sohasida hamkorlikni yölga qöyiş muhokama qilingan.
Transport va logistika, yengil va oziq-ovqat sanoati, qişloq xöjaligi, farmatsevtika, tibbiyot va raqamli iqtisodiyot kabi ustuvor yönalişlarda yangi qöşma loyihalarni amalga oşiriş, avtomobil qismlari, uskunalar, elektr texnika va elektronika işlab çiqariş borasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantiriş uçun katta salohiyat mavjudligi aytilgan.
Tartibli mehnat migratsiyasi masalasiga ham töxtalingan. Serbiyaning bu yönalişda tizimli hamkorlikni yölga qöyişga qiziqişi yuqori. Taşrif doirasida Mehnat mobilligi va migratsiyasi töğrisidagi bitim qabul qilingan.
Mirziyoyev va Vuçiç mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, jumladan, köp tomonlama tuzilmalar doirasida özaro qöllab-quvvatlaş masalasida ham gaplaşgan. Muzokaralar yakunlari böyiça ikki davlat örtasida Strategik şeriklik munosabatlarini örnatiş töğrisida qöşma deklaratsiya imzolandi. Bu bilan Özbekiston strategik munosabat örnatgan davlatlar 20 taga yetdi. Aytiş örinliki, şulardan 12 tasi aynan sönggi 10 yillikka oid.
Qolaversa, Mehnat mobilligi va migratsiyasi, Avtomobil transportida yölovçi va yuklarni xalqaro taşiş, bojxona, erkin savdo, qayta tiklanuvçi energetika va “yaşil” texnologiyalar, örta yölakni qöllab-quvvatlaş böyiça – jami 20 ta hujjat imzolangan.
Aleksandr Vuçiç Şavkat Mirziyoyevni Serbiyaning oliy davlat mukofoti – Katta zanjirli Serbiya Respublikasi ordeni bilan mukofotladi. Poytaxt Belgrad köçalaridan biriga Toşkent nomi berildi. Vuçiç Mirziyoyevga “Mirziyoyev doktrinasi” nomli kitobning serb tilida naşr etilgan nusxasini ham sovğa qildi.
Şuningdek, Serbiya Özbekistonda elçixona oçiş niyatini bildirdi. Bu haqda Mehnat, bandlik, faxriylar va ijtimoiy siyosat vaziri Militsa Stamenkovski Migratsiya agentligi direktori Muhsinxöja Abdurahmonov bilan uçraşuvda söz oçgan. Elçixonaning oçilişi özbekistonliklar uçun hozirda Ostona şahri orqali amalga oşirilayotgan viza rasmiylaştiriş jarayonlarini ança soddalaştirişi kutilmoqda.
Quronboyev ketdi. Qayerga?
2024 yilda taşkil etilgan Mahallalar uyuşmasining ilk raisi Qahramon Quronboyev lavozimidan ozod etildi, uning istefosi sabablari nomalum. 2022 yildan buyon Prezident maslahatçisi lavozimida işlab kelayotgan Ğofurjon Mirzayev Uyuşma raisligiga tayinlandi. Mirzayevning boşqa ötişi ortidan Prezidentining kadrlar böyiça maslahatçisi lavozimi va uning bölinmasi tugatildi. Şu tariqa 2025 yilning martidan buyon maslahatçi örinbosari lavozimida işlab kelayotgan sobiq Içki işlar vaziri Pölat Bobojonov ham lavozimidan ozod etilib, Mahallalar uyuşmasi raisining birinçi örinbosari lavozimiga tayinlandi.
Bu Özbekiston Prezidentining sentyabr oyi boşida kambağallikni qisqartiriş va aholi daromadini oşiriş böyiça işlarni yangi bosqiçga olib çiqiş böyiça ötkazgan yiğilişidan keyingi eng yirik kadrlar islohoti. Öşa yiğilişda davlat rahbari işni töğri taşkil qilgan 49 ta tuman va 3 ming 429 ta mahalla işsizlik va kambağallikdan xoli hududga aylangani, qolgan 159 ta tuman va şahar hamda 5 ming 536 ta mahalladagi masullar işida natija yetmayotganini tanqid qilgandi.
Öşa yiğilişda “mahalla yettiligi” uçun masul rahbarlar, viloyat va tuman hokimlari hamda banklar kuçaytirilgan iş rejimiga ötişi, har bir viloyat va tumanda hokim boşçiligida ştablar taşkil etilişi, ular kimga qança kredit beriş, uni naqd yoki naqdsiz şaklda ajratiş, mablağni qaytariş muddatini uzaytiriş va tölov grafigini biznes turiga moslaştirişni mustaqil hal qilişi aytilgandi. Buning uçun kambağallik jamğarmasidagi 240 milliard söm, Bandlik jamğarmasidagi 100 milliard söm va uçta “daftar”dagi 760 milliard söm mablağ tuman ştablari ixtiyoriga beriladi.
Tuman ştablari mahallalardagi hokim yordamçilarini “loyihabay” işlaş tizimiga ötkazadi. 8 ming 992 ta mahalladagi hokim yordamçilari vazifa bajaruvçi etib tayinlanadi, agar ular natija körsatsa, lavozimiga qayta tayinlanadi, işiga noloyiqlar yangilanadi.
Xullas, mahallada işlar köpayyapti, ularning asosiy vazifasi esa aholini kambağallikdan çiqariş, iş bilan taminlaş. Xöş, siz yaşayotgan hududlarda bu boradagi işlar qanday ketyapti, kambağallar haqiqatdan ham kamayyaptimi? Kambağallikni kamaytiriş böyiça sizning qanday takliflaringiz bor? Bularni izohlarda yozing.
Qahramon Quronboyevning istefosiga kelsak, istefo sabablari va qaysi lavozimga ötişi oçiqlanmadi. Biroq jamoatçilik uşbu kutilmaganda röy bergan hodisani avgust oyida mamlakatning bir qança hududlarida hokimlar aholi yaşaş uylariga kirib, ularning muzlatgiçidan tortib, tandiri atrofida ötkazgan reydi, yuvilmagan qozoni-yu artilmagan çangi uçun bergan dakkisiga boğlamoqda.
Saida Mirziyoyevaga yangi vazifa yuklandi
Prezident farmoni bilan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hozirgi lavozimi bilan örindoşlik asosida Toşkent xalqaro moliya markazi boşqaruvçisi lavozimiga tayinlandi.
U Moliya markazi kengaşining Boş kotibi hisoblanadi, kun tartibini şakllantirişni taşkil etadi, rais qatnaşmagan majlislarda ularga raislik qiladi.
Moliya markazi faoliyatini yölga qöyişni muvofiqlaştiriş boşqaruvçi faoliyatining muhim yönalişlaridan biri böladi. Birinçi navbatdagi hujjatlarni tayyorlaş, davlat organlari va Markaz tuzilmalari örtasidagi hamkorlikni yölga qöyiş şular jumlasidan.
Şuningdek, Moliya markazi nomidan Özbekistonda va xorijda xalqaro taşkilotlar, investorlar hamda hamkorlar bilan munosabatlarda Markazga vakillik qiliş, kadrlar böyiça qarorlar qabul qilişda iştirok etiş, jumladan, Moliya markazi mamuriyatining ijroçi direktorini va uning örinbosarlarini tayinlaş, Moliyaviy xizmatlar boşqarmasi rahbariyati böyiça tavsiyalar kiritiş ham boşqaruvçining muhim funktsiyalari sirasiga kiradi.
Boşqaruvçi, şuningdek, bitimlar tuziş, işçi guruhlar taşkil etiş va ekspertlarni jalb qiliş huquqiga ega.
Aytiş örinlinliki, Saida Mirziyoyeva ayni vaqtda AQŞ-Özbekiston işbilarmonlik va investitsiya kengaşining Özbekiston tomonidan tayinlangan raisi sifatida ham faoliyat yuritmoqda.
“Uçastkovoy”larga yangi huquq berildi
Endi Özbekistonda profilaktika inspektorlariga, yani “uçastkovoy”larga yöl-patrul xizmatining hamda tuman (şahar) içki işlar organi boşliği yoki uning örinbosarlarining ayrim vakolatlari ham beriladi. Prezident uşbu yangi tartibni nazarda tutuvçi “Içki işlar organlarining jamoat xavfsizligini taminlaş faoliyatiga yangiça işlaş tizimini joriy etiş çora-tadbirlari töğrisida”gi qarorni imzoladi.
Endi profilaktika inspektorlari yöl harakati xavfsizligini taminlaş borasida mahalla köçalari va yölaklarida yöl harakati qoidalari buzilişi bilan boğliq 4 turdagi mamuriy huquqbuzarliklar böyiça ham mamuriy jazo qöllay oladi.
Bular:
- 128-modda — Haydovçilarning transport vositalarini trotuarlardan, piyodalar va velosiped yölkalaridan, yaşil maydonlardan yurgizişi, yöl belgilari va yöl harakatining boşqa qoidalari talablariga rioya etmasligi;
- 128−8-modda — Transport vositasida odam taşiş qoidalarini buziş;
- 130-modda — Transport vositalari haydovçilarining temir yölning ötiş joylaridan ötiş qoidalarini buzişi;
- 135-modda — Yöl harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bölmagan şaxslarning transport vositalarini boşqarişi.
Muqaddam şu turdagi huquqbuzarliklarni aniqlangan taqdirda inspektorlar çora köra olmay, tumanga biriktirilgan Yöl-patrul xizmati xodimini çaqirişga majbur bölgan. Yangi tartib böyiça profilaktika inspektorlari uşbu moddalar bilan boğliq qoidabuzarliklarni mahallada şaxsan aniqlaydi va joyida mamuriy bayonnoma tuzib jarima belgilaydi.
Qolaversa, qaror bilan endi profilaktika inspektorlari körib çiqiş vakolati doirasidagi birinçi marotaba sodir etilayotgan 17 turdagi kam ahamiyatli mamuriy huquqbuzarliklar töğrisidagi işlar böyiça mamuriy ogohlantiriş jazosini qöllaşi mumkin.
Şuningdek, profilaktika inspektorining xizmat vazifalarini bajarişiga tösqinlik qilganlik uçun mamuriy javobgarlik belgilanadi.
Profilaktika inspektorlariga berilgan qöşimça vakolatlar orasida tuman (şahar) içki işlar organi boşliği yoki uning örinbosarlarining vakolatidagi 9 turdagi mamuriy huquqbuzarliklar töğrisidagi işlarni körib çiqiş va mamuriy jazo qöllaş imkoniyati ham mavjud.
Yölkira oşadi
Suyunçi bering! Joriy yil 1 oktyabrdan boşlab Toşkent şahrida metro va avtobus uçun yölkira narxi 1700 sömdan 2500 sömga oşirilişi mumkin. Bu haqda poytaxt hokimligining joriy yil 4 sentyabr kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylaştirilgan va 19 sentyabrgaça muhokamada böladigan “Toşkent şahridagi jamoat transportida yölkira haqi tarifini belgilaş töğrisida”gi qarori loyihasida söz borgan.
Transport vazirligi tarif özgarişi böyiça yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini, yöl haqining ehtimoliy oşirilişi taşuvçilarga qöyiladigan xizmat sifati talablari bilan birgalikda körib çiqilişi lozimligini malum qildi.
Vazirlikka köra, jamoat transporti xarajatlariga haydovçi va texnik xodimlarning iş haqi, yoqilği va elektr energiyasi, ehtiyot qismlar va şinalar, harakat tarkibiga texnik xizmat körsatiş va tamirlaş, depo hamda quvvatlantiriş infratuzilmasini saqlaş, salonlarni tozalaş, şuningdek, dispetçerlik, navigatsiya va elektron tölov tizimlarini taminlaş xarajatlari kiradi.
Transport vazirligining malum qilişiça, jamoat transportida amalda bölgan 1700 söm tarif uşbu xarajatlarning faqat bir qismini qoplamoqda, taşişlarni moliyalaştirişda asosiy yuk esa davlat byudjeti zimmasida qolmoqda.
Senat yangi alifboni tasdiqladi
Senat tugayotgan haftada “Lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini joriy etiş töğrisida”gi Qonunga özgartiriş kiritiş haqida”gi qonunni tasdiqladi.
Yangilanayotgan özbek alifbosi 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan taşkil topmoqda. Undagi asosiy özgariş – Ğ, Ö, Ş, Ç harflarining yozilişi. Ng harf birikmasi çiqarib taşlanyapti.
Yangi alifboga ötiş jarayonida qonun kuçga kirguniga qadar amaldagi alifbo asosida rasmiylaştirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qoğozlarning muomalada bölişiga tösqinlik qilinmaydi.
1-sinf darsliklari 2027 yildan yangi alifboda çiqa boşlaydi. 2031 yilgaça barça maktab darsliklari töliq yangilanadi.
Özbekistonda alifbo bilan boğliq qator anglaşimovçiliklar mavjud. Yangisini hisobga olsak, mamlakatda sönggi 100 yilda beşinçi marta alifbo özgarmoqda. 1928 yilgaça arab yozuvi amalda bölgan. 1928-1940 yillarda yanalif – yangi turkiy alifbodan foydalanildi. 1940-1993 yillarda kirill yozuvi – rus grafikasi asosidagi 35 ta harfdan iborat özbek kirill alifbosi işlatildi va tan oliş kerak, mustaqil Özbekistonga oid ilk hujjatlar, minglab kitoblar, qaror va farmonlar, gazetalar, jurnallar ham aynan şu alifboda çop etildi, 50 yildan oşiq vaqt davomida bir neça avlod şu alifbo bilan ulğaydi.
1993 yilda qabul qilingan lotin alifbosiga ötişga esa jurat yetişmadi. Oqibatda odamlar hamon ikki alifbo örtasida sarson bölib yuribdi. Savodsizlar köpaydi. 1995 yilda unga kiritilgan özgartirişlar ham xatolarni tuzatmadi va hozirgaça, hatto, Özbekiston nomining notöğri yozilişiga sabab bölib kelmoqda.
Tuğuruqxonada piçoqbozlik
Farğona viloyatining Qöştepa tumanidagi tuğuruqxonada katta hamşira boşqa hamşiralarni piçoqladi. Oqibatda 2 kişi jarohatlandi, 1 kişi vafot etdi.
Hodisa 7 sentyabr kuni sodir bölgan, biroq bu haqda hamon rasmiy axborot berilmadi. Fojia sababi hozirça malum emas. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritiş maqsadida Boş prokuratura matbuot kotibi Hayot Şamsutdinov bilan boğlandi.
U yuz bergan voqeani tasdiqladi. Hodisa oqibatida 2 kişi jabrlangan, 1 nafari vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan Qöştepa tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam öldiriş) bilan jinoyat işi qözğatilgan. Gumonlanuvçi şaxsa (ayol) Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida uşlangan.
QALAMPIR.UZ’ga oid malumotlarga köra, gumonlanayotgan şaxs muqaddam xuddi şunday jinoyatni sodir etib, jazo muddatini ötab çiqqan.
Çorvoqda bir oilaning uç azosi çökib ketdi
Joriy yilning 2 sentyabr kuni Toşkent viloyatidagi Çorvoq suv omborida ota va uning 2 öğli çökib ketgandi. Oradan 8 kun ötib, 10 sentyabr kuni ularning jasadi topildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining bildirişiça, marhum ota va uning öğillari suratga tuşiş uçun çömiliş taqiqlangan hududda katerni töxtatib, qutqaruv nimçalarisiz çömiliş uçun suvga tuşgan.
Hodisa sodir bölgan vaqtda oilaning boşqa azolari – bolalarning onasi va voyaga yetmagan singlisi öşa yerda bölgan. Ular atrofdagilardan yordam söragan. Kater haydovçisi ham suvga tuşib, ularni qutqarişga uringan, biroq buning imkoni bölmagan.
Qidiruv-qutqaruv işlariga 5 ta qutqaruv otryadi va suvda harakatlanayotgan 7 ta qutqaruv brigadasi jalb qilingan. Favqulodda vaziyatlar vaziri topşiriğiga asosan ştab faoliyati taşkil etilib, qöşimça ravişda Jizzax va Sirdaryo viloyatlari Favqulodda vaziyatlar boşqarmalaridan qöşimça kuçlar jalb etilgan. Natijada uç jasadni ham bir kunda topişga muvaffaq bölingan.
Şuningdek, 10 sentyabr kuni Toşkent viloyatining Böstonliq tumanidagi Piskom daryosida 15 kun avval çökib ketgan, Qibray tumanida yaşovçi 30 yoşli fuqaroning jasadi ham tugayotgan haftada topildi.
Qayd etilişiça, öşa kuni bir guruh fuqarolar Piskom daryosiga SUP-doskada sayr qiliş maqsadida kelgan. Sayr vaqtida ulardan biri boşqaruvni yöqotib, qoyali qirğoqqa urilgan va suvga tuşib ketgan. Fuqaro qutqaruv nimçasi kiymaganligi sababli kuçli suv oqimi uni suv ostiga olib ketgan.
Ekopolitsiya xodimi xizmat vaqtida qurbon böldi
Davlat ekologik nazorat inspektsiyasi (Ekopolitsiya) Aydar-Arnasoy köllar tizimini nazorat qiliş bölimi boş mutaxassisi Mirzo Botirov xizmat vazifasini bajariş vaqtida öldirildi.
U 9 sentyabr kuni tungi soat 23:00 da Sirdaryo daryosi özanida ötkazilgan tezkor reyd tadbiri davomida elektr qarmoq yordamida baliq ovlayotgan huquqbuzarlarning qarşiligiga uçragan va natijada suvga tuşib ketgan. Tegişli taşkilotlar bilan hamkorlikda olib borilgan qidiruv işlari natijasida 10 sentyabr kuni inspektorning jasadi topilgan.
Holat ortidan Botirovning ölimida gumonlanayotgan 3 nafar şaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 202-(Hayvonot yoki ösimlik dunyosidan foydalaniş tartibini buziş), 219-(Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burçini bajarayotgan şaxsga qarşilik körsatiş) va 102-(Ehtiyotsizlik orqasida odam öldiriş) moddalari bilan jinoyat işi qözğatilgan.
Uç kişi gumon qilinuvçi tariqasida uşlangan bölib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
NKMKdagi baxtsiz hodisada 2 kişi qurbon böldi
Tugayotgan haftada Navoiy kon-metallurgiya kombinatida avtoağdargiç şinasi portlaşi oqibatida 2 kişi halok böldi, yana bir neça kişi turli darajada tan jarohati oldi. Kombinatga köra, halok bölgan işçilar quvur taşuvçi avtomaşinaning tirkamasida şinomontaj işlarini amalga oşirayotgan bölgan.
Holat kombinatning “Pistali” 1-transport tsexida sodir bölgan. Şinalar yorilgan va oqibatda ikki nafar işçi vafot etgan.
Hozirda huquqni muhofaza qiluvçi organlar tomonidan tergovga qadar tekşiruv işlari olib borilmoqda.
Qidiruvdagi özbekistonliklar Koreyaga yaşiringan
Jinoyat sodir etgani uçun qidiruvda bölgan 100 dan ortiq çet el fuqarosi Janubiy Koreyada yaşirinayotgani taxmin qilinmoqda. Ulardan 19 nafari özbekistonlik.
Gap şundaki, Janubiy Koreya Milliy politsiya agentligi (NPA) tomonidan deputat Kim Jun Xvan ofisiga taqdim etilgan malumotlarga köra, joriy yil 12 avgust holati böyiça öz mamlakatlarida yoki boşqa davlatlarda jinoyat sodir etgani uçun qidiruvda bölgan 110 nafar çet el fuqarosi Koreyaga qoçib ötgan.
Fuqaroligi böyiça eng katta uluş Xitoyga töğri keladi – Interpol sörovlarining 40 tasi yoki 36 foizi. Undan keyingi örinlarni Özbekiston (19 ta sörov), Möğuliston (17 ta) va Vetnam (13 ta) egallaydi. Qolgan holatlarning aksariyati yaqin Osiyo mamlakatlariga, jumladan Qozoğiston, Rossiya, Qirğiziston, Tailand va Yaponiyaga töğri keladi.
Huquqbuzarlik turlari böyiça eng köp uçraydigani firibgarlik bölib, 47 ta holatni taşkil etgan. Undan keyingi örinda bolalar va yoşlarni himoya qiliş töğrisidagi qonunlarni buziş, odam öğirlaş, ozodlikdan noqonuniy mahrum qiliş va fohişabozlikni öz içiga olgan “boşqa” kategoriya – 29 ta holat. Giyohvandlik bilan boğliq jinoyatlar 7 ta holatni taşkil etgan bölsa, öğrilik, yöl harakati qoidalarini buziş, tan jarohati yetkaziş va tan jarohati yetkazişga urinişning har biri 5 tadan holatni taşkil etgan.
Oxirgi vaqtlarda Koreyadagi özbekistonliklar va Koreyaga işga yuboriş masalalari bilan boğliq xabarlar tinmayapti. 1 sentyabr kuni Koreyada tört özbekistonlik Suriyadagi terrorçi guruhga pul va transport vositalarini yuborganlikda ayblanib qölga olindi. Ulardan biri Suriyadagi “Katibat at-Tavhid val-Jihod” terrorçilik taşkilotiga 6,3 million von (taqriban 4600 AQŞ dollari) qiymatidagi kriptovalyuta yuborganlikda va umumiy qiymati 170 million vonga teng bölgan 11 ta minilgan avtomobil hamda ikkita ekskavator sotib olib, ularni Suriyaga jönatganlikda ayblanmoqda. Qolgan 3 kişi avtomobillarni topişda unga yordam bergan.
Şuningdek, oy boşida 2024 yil sentyabrdan Migratsiya agentligi direktori lavozimida işlab kelayotgan Behzod Musayev ham lavozimidan ozod etildi. Uning istefosiga boşqa işga ötayotgani sabab qilib körsatilgandi, biroq hozirgaça Musayevga iş berilgani yöq. Boş prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatlarga qarşi kuraşiş departamenti foş etgan Koreyaga odamlarni işga yuboriş bilan boğliq 90 million AQŞ dollarilik korruptsion “sxema”ning sönggi tafsilotlari esa aniq emas. Oxirgi bor uşbu iş doirasida joriy yilning 29 iyul kuni Jinoyat işlari böyiça Bektemir tumani sudida DXX sobiq mulozimlari Gançar Uzoqov, Alijon Aşurov, Timur Şariksiyev va Suxrob Sayfutdinovga Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora oliş) 3-qismi “a” va “b” bandlari, 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallaştiriş), 301-moddasi (Hokimiyatni suiistemol qiliş, hokimiyat vakolatidan taşqariga çiqiş yoki hokimiyat harakatsizligi) 1-qismi bilan qözğatilgan jinoyat işini sud majlisida körib çiqiş yopiq tarzda boşlangani xabar qilingandi.
Özbekiston Respublikasi Içki işlar vazirligi sörovi bilan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan Migratsiya agentligining Koreyadagi vakolatxonasi sobiq rahbari Azizbek Toştemirovning nomi esa qidirilayotgan şaxslar röyxatidan olib taşlangan.