8 yashar qizga buzuq harakatlar qilgan shaxsga jinoyat ishi ochildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoroda 8 yashar qizga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etilgani aks etgan video tarqalib, muhokamalarga sabab bo'ldi. Ushbu holat yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligining Buxoro viloyati boshqarmasi munosabat bildirdi.
Malum qilinishicha, hodisa joriy yilning 23 oktyabr kuni Qorako'l tumanida sodir bo'lgan. Fuqaro Sh.R. 2018 yilda tug'ilgan voyaga yetmagan qizga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etgan.
Bildirilishicha, holat yuzasidan Qorako'l tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 129-moddasi (O'n olti yoshga to'lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) uchinchi qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda va jarayon prokuratura nazoratida.
Shuningdek, Qorako'l tumanidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan qizning holati o'rganilib, unga zarur ijtimoiy va psixologik yordam ko'rsatish choralari ko'rilmoqda. Agentlik mazkur holatni nazoratga olganini bildirgan.
Eslatib o'tamiz, avvalroq O'zbekistonda voyaga yetmagan qizga nisbatan jinsiy tajovuzda gumonlanib, davlatlararo qidiruvga berilgan O'zbekiston fuqarosi Rossiyaning Astraxan viloyatida ushlangani haqida xabar berilgan edi.