Dunyo şaharlari reytingi tuzildi. Toşkent neçançi örinda?
Toşkent Oxford Economics taşkilotining 2026 yilgi “Global Cities Index” reytingida 343-örinni egallab, Markaziy Osiyo şaharlari orasida uçinçi natijani qayd etdi. Bu haqda “Global Cities Index” platformasida elon qilindi.
Reyting dunyodagi 1000 ta şaharni iqtisodiyot, inson kapitali, hayot sifati, atrof-muhit va boşqaruv kabi beşta asosiy körsatkiç böyiça baholagan.
Markaziy Osiyo şaharlari orasida eng yuqori natija Qozoğistonga tegişli. Olmaota 265-örinni, Ostona 281-örinni egallagan. Toşkent 343-örin bilan ulardan keyingi poğonadan joy olgan. Mintaqaning boşqa şaharlari – Bişkek 461-, Aşxobod 668- va Duşanbe 672-örinda qayd etilgan.
Toşkent bir yil içida reytingda sezilarli yuqorilagan. Özbekiston poytaxti ötgan yilgi 471-örindan 343-öringa kötarilgan va 128 poğona “sakragan”.
Şaharning nisbatan yaxşi natijasiga, asosan, iqtisodiyot va inson kapitali körsatkiçlari hissa qöşgan. Toşkent iqtisodiyot böyiça 54,7 ball bilan 188-örinni, inson kapitali böyiça esa 61,5 ball bilan 108-örinni egallagan. Bu natija Toşkentni uşbu yönalişda dunyo şaharlarining yuqori 20 foizi qatoriga kiritgan.
Biroq şaharning umumiy natijasiga hayot sifati, atrof-muhit va boşqaruv körsatkiçlari salbiy tasir qilgan. Toşkent hayot sifati böyiça 47,5 ball bilan 644-örinni egallagan. Bu yönaliş aholining farovonligi va qoniqişi, moliyaviy ahvoli, salomatligi hamda şahar infratuzilmasidan foydalaniş imkoniyatlarini qamrab oladi.
Şuningdek, atrof-muhit holati böyiça 806-örinda hamda boşqaruv böyiça 825-örinda qayd etilgan.
Oxford Economics Toşkentning asosiy ustunliklari qatorida uning geografik joylaşuvi va malakali işçi kuçini körsatgan. Şu bilan birga, şaharda kişi boşiga töğri keladigan YaIMning nisbatan pastligi va malakali kadrlarni yuqori daromadli mamlakatlarga yöqotiş xavfi qayd etilgan.
Ekologik yönalişda esa suv tanqisligi Toşkent uçun asosiy muammolardan biri sifatida körsatilgan. Boşqaruv körsatkiçida şahar institutlarining barqarorligi, tartibga soliş sifati va aholi hamda biznes uçun yaratilgan şaroitlar baholangan.
Toşkent, şuningdek, Oxford Economics tomonidan kelgusida tez ösişi mumkin bölgan “kuzatuvdagi şaharlar” qatoriga kiritilgan.
Umumiy reytingda esa Nyu-York birinçi örinni egallagan. Undan keyin London, Parij, Sietl va San-Frantsisko joylaşgan. Reytingning kuçli şaharlari, asosan, yuqori iqtisodiy salohiyat, malakali aholi, hayot sifati va şahar infratuzilmasi bilan ajralib turgan.
Eslatib ötamiz, avvalroq dunyodagi eng baxtli sayyohlik manzili qayerligi aytilgandi.